Byeloshosse bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi
Jizzax viloyatida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha 2005-2006 yilda tug‘ilgan o‘smirlar, qizlar, 2007-2008 yilda tug‘ilgan kichik yoshdagi o‘smirlar, qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi hamda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari ishtirok etdi.

Turnirning ilk bosqichida yakkalik poygada 15 kilometr masofaga kechgan bahsda kichik yoshdagi qizlar o‘rtasida Samira Ismoilova, kichik yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida Nursultan Tursunov, qizlar o‘rtasida Asal Rizayeva g‘alaba qozondi. Jamoaviy poygada esa Toshkent viloyati Chirchiq Olimpiya zahiralari kolleji jamoasiga omad kulib boqdi va birinchi o‘rinni egalladi.
Yakkalik poygada 20 kilometr masofaga kechgan bahsda o‘smirlar o‘rtasida Diyor Tohirov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Juftlik poygada kichik yoshdagi qizlar hamda qizlar o‘rtasidagi bellashuvda Dinamo milliy gvardiya jamoalari birinchilikni egalladi. Jamoaviy poygada kichik yoshdagi o‘smirlar o‘rtasidagi bahsda ham Dinamo milliy gvardiya jamoasiga omad kulib boqdi va birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Guruh poygada 15 kilometr masofaga kechgan bahsda esa kichik yoshdagi qizlar o‘rtasida Dinamo milliy gvardiya jamoasi a’zosi Samira Ismailova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Samarqand viloyati velosportchisi Yana Mishinova ikkinchi, Jizzax olimpiya zahiralari kolleji o‘quvchisi Nozima Egamberdiyeva uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA