BYD kompaniyasi Yevropada avtozavodlar sotib olmoqchi
Xitoyning BYD avtokonserni Yevropada to‘liq foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini sotib olish va qayta ishga tushirish bo‘yicha bir qator avtomobil kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda, deb xabar berdi Euronews.
Kompaniya vitse-prezidenti Stella Li Bloomberg nashriga bergan intervyusida BYD faqatgina tarkibiga bir necha mashhur brendlar kiruvchi Stellantis bilan emas, balki boshqa avtogigantlar bilan ham muloqot qilayotganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, BYD Yevropadagi foydalanilmayotgan yirik quvvatli zavodlarni ishga solishga qiziqmoqda. Shu maqsadda bir qator korxonalar ko‘zdan kechirilgan va Italiya ham qiziqish doirasidagi mamlakatlar qatoriga kirgan.
Italiyada, jumladan, Frozinone provinsiyasidagi Cassino va Turindagi Mirafiori zavodlari to‘liq quvvatda ishlamayapti. Hisobotlarga ko‘ra, Cassino zavodida ishlab chiqarish keskin kamaygan, Mirafiori esa asosan gibrid va elektr Fiat 500 modellariga moslashtirilgan.
BYD olib borayotgan muzokaralar fond bozorida ijobiy reaksiyaga sabab bo‘ldi va Stellantis aksiyalarida o‘sish qayd etilgan. Biroq italiyalik kasaba uyushmalari bu jarayonga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda va davlat mablag‘lari sarfi masalasini ko‘tarmoqda.
BYD ayni paytda qo‘shma korxonalardan ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruvni afzal ko‘rishi va hatto ayrim Yevropa brendlarini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda.
Shu doirada Maserati brendi ham qiziqarli variant sifatida tilga olingan.
Shuningdek, Fransiya bozori ham investitsiya uchun maqbul yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda, sababi u yerda energiya narxi nisbatan past.
Germaniyadagi ayrim zavodlar ham ehtimoliy sotuv ro‘yxatida borligi aytilgan.
Hozirda BYD Vengriyaning Seged shahrida o‘z zavodini qurmoqda, uning 2027-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
O‘tgan yil fevral oyida BYD kompaniyasi vitse-prezidenti Stella Li Euronews Next nashriga bergan intervyusida BYD kompaniyasi 1 megavatt quvvatga ega yangi tez zaryadlash tizimini yaratganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu texnologiya raqobat qoidalarini o‘zgartirishi mumkin va u bor-yo‘g‘i 5 daqiqada avtomobilga 400 kilometrgacha harakat masofasini ta’minlaydi.
Shuningdek, u BYD kompaniyasi Yevropa bo‘ylab taxminan 3000 ta tez zaryadlash stansiyasi qurishga investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/PZluvepxB1U" title="BYD kompaniyasi Yevropada avtozavodlar sotib olmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov (video), O‘zA