Buyuk olim vorislari ekanimizdan faxrlanamiz
– Kollejimiz Abu Ali ibn Sino tavallud topgan qishloqda joylashgan, – deydi Afshona tibbiyot kolleji o‘quvchisi Mahliyo To‘xtayeva.
Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Afshona tibbiyot kollejida Prezidentimizning joriy yil 15-16-may kunlari Samarqand shahrida tashkil etilgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari Q.Quronboyev va boshqalar nufuzli konferensiyaning ilmiy-amaliy ahamiyati, davlatimiz rahbarining ushbu xalqaro anjumandagi ma’ruzasida qayd etilgan fikrlar, mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar hamda ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Buyuk allomalarimiz qoldirgan boy ma’naviy-ma’rifiy meros bugungi kunda ham jahon ilmiy jamoatchiligi tomonidan keng o‘rganilmoqda. Yurtimizdagi ko‘plab qadimiy osori-atiqalar, noyob me’morchilik obidalari butun bashariyatning ma’naviy mulki sifatida e’tirof etilgan.
– Kollejimiz Abu Ali ibn Sino tavallud topgan qishloqda joylashgan, – deydi Afshona tibbiyot kolleji o‘quvchisi Mahliyo To‘xtayeva. – Biz, yoshlar tibbiyot ilmining sultoni tug‘ilgan qishloqda voyaga yetayotganimizdan, shu yerda tashkil etilgan o‘quv dargohida tahsil olayotganimizdan faxrlanamiz. Kollejimiz yaqinidagi Abu Ali ibn Sino muzeyida tez-tez bo‘lib, eksponatlar orqali ulug‘ hakimning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishmoqdamiz, boy ilmiy merosidan bahramand bo‘lmoqdamiz. Bugungi davra suhbatida ham qanday ulug‘ mutafakkir zotlarning avlodi, qanday buyuk madaniy merosning vorislari ekanimiz haqida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik.
Bunday tadbirlar Buxoro davlat tibbiyot instituti va Buxoro neft va gaz sanoati kollejida ham bo‘lib o‘tdi.