Buyuk ipak yo‘lidagi Qashqar (+video)
Hamkorlik ufqlari
O‘zbekiston dunyoga ochildi. Uni birinchilardan bo‘lib qutlagan Xitoy edi. Ikki mamlakat davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari eng yuqori darajaga chiqdi. O‘zaro tovar aylanmasi 14 milliard dollarga yetdi. Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga ko‘paydi. Madaniy aloqalar mustahkamlandi. Munosabatlarni mustahkamlovchi omillardan biri savdo – sanoat yarmarkalari va iqtisodiy forumlardir.
Qashqar yarmarkasida O‘zbekiston uchun manfaatli loyihalar
Qashqar sanoat – savdo yarmarkasi bu yil 14- bor o‘tkazildi. Uning ishida Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo mamlakatlari vakillari ishtirok etishdi.
Qashqar Xitoy va umuman Osiyo qit’asi uchun muhim strategik ahamiyat kasb etuvchi logistik markazdir. Xitoyning sharqidagi dengiz portlaridan kelayotgan yuklar aynan Qashqardan Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo tomon yo‘l oladi.
Yarmarka ochilish tantanalarida so‘zga chiqqan Qashqar okrugi gubernatori Anvar Tursun, Shinjon savdo boshqaruv raisi Sin Tao, Shanxay xamkorlik tashkiloti bosh kotibining o‘rinbosari Suxayl Xon va ishtirokchi mamlakat vakillari Qashqar sanoat- savdo yarmarkasining o‘zaro tovar almashuvdagi ahamiyati ortib borayotganini, uning ishtirokchilari shu yilning o‘zida 10 foizga oshganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangani Qashqar yarmarkasi nufuzi, davlatlararo iqtisodiy munosabatlardagi o‘rni yanada mustaxkamlanishiga sabab bo‘ldi. Shu tufayli endi Janubiy Osiyoning hatto Shri-Lanka kabi davlatigacha Qashqarga tashrif buyurgan.
40 ming metr kvadrat maydonda Osiyo mamlakatlari ishlab chiqaruvchilarining ko‘rgazmalari ochilgan. Asosan xalq xo‘jaligi va iste’mol mahsulotlariga mo‘ljallangan pavilonlarda inson hayoti uchun birlamchi ehtiyoj mollari taklif qilinadi. Ko‘rgazma zalining markazida O‘zbekiston paviloni tashkil etilgan.
–O‘zbekiston Prezidentining ochiqlik siyosati tufayli yurtimiz tadbirkorlaridan bir guruhi yarmarka ishida qatnashmoqda, – deydi O‘zbekiston investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligining Xitoydagi vakolatxonasi xodimi Otabek Obidjonov. – Ular o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotish bo‘yicha bir qator shartnomalar tuzdilar.
Shu pavilonda biz xitoylik tadbirkor Tang Yu Rong bilan tanishib qoldik.
–Men O‘zbekistondan kulolchilik mahsulotlarini olib kelib sotaman. Ayniqsa, Rishton, Buxoro kulollari yasagan idishlarga talab katta. Yarmarkadan foydalanib, O‘zbekiston kulolchilik mahsulotlarini targ‘ib qilyapman, – deydi u.
Yarmarkada ishtirokchi mamlakat va Shinjon san’atkorlari milliy kuy- qo‘shiqlarini ijro etar ekanlar, o‘z ko‘rgazmalariga odamlarni chorlashga harakat qiladi. Bu yerda yana bir hamkor kompaniya vakillari bilan ham muloqotda bo‘ldik.
Biz bu dronlarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va kadastr xizmati uchun taqdim etgandik, – deydi JOVAV kompaniyasi mutaxassisi Chan Ni Ye. – Uning ish samaradorligi o‘zbekistonlik do‘stlarimizga ma’qul keldi. Ular nafaqat o‘simlik holatini nazorat qiladi, balki kimyoviy ishlov berish imkoniyatiga ham ega. Shu yildan endi turli quvvatdagi dronlar biz bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqariladi.
14-Qashqar sanoat-savdo yarmarkasida O‘zbekiston uchun manfaatli loyihalar ham imzolandi.
Xitoy va Markaziy Osiyo: ko‘p tilli yagona OAV ta’sis etiladi
Qashqarga sanoat-savdo yarmarkasi ishini yoritish uchun uning ishtirokchilari bo‘lgan mamlakat jurnalistlari ham kelganlar. Xitoy tomoni ularning samarali ishtiroki uchun barcha sharoitni yaratdi. Buning maqsadli sabablari bor, albatta. Xitoy Osiyo va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy munosabatlarni urg‘ular ekan, shu bilan birga ishtirokchi mamlakatlar ommaviy axborot vositalariga ham ikki tomon uchun manfaatli takliflar kiritdi.
Yarmarka matbuot markazida Shinjon va Qashqar okrugi ommaviy axborot vositalari va targ‘ibot kanselyariyasi vakillari bilan Xitoy – Markaziy va Janubiy Osiyo mediya saloni ochilishida ishtirok etdik.
– Har bir jurnalist uchun avvalo o‘z mamlakati manfaatlari ustun turadi, bu shubhasiz qoida. Ammo bu manfaat bugun mushtaraklik kasb etdi. Demak, biz jurnalistlar ham faoliyatimizda mana shunday manfaatlar mushtarakligi nuqtasida birlashaylik, – dedi Xitoy matbuoti mulozimlari va OAVlarining rahbarlari.
Muzokarada so‘z olgan jurnalistlar ilmiy manfaat xolislik mezonlarini chetlab o‘tmasligi yuzasidan fikr- mulohazalarini bildirdilar.
Dastlab mediamakonda yagona axborot vositasini ta’sis etish, birinchi bosqichda u axborotni bir vaqtning o‘zida Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlari tilida bera oladigan bo‘lishi, mintaqa yangiliklari, ijtimoiy siyosiy vaziyat hamda voqeliklarning xabardorligini oshirishga xizmat qilishga qaratilishi lozimligi xaqida o‘zbekistonlik jurnalistlar taklif kiritishdi.
– Bu juda o‘rinli taklif bo‘ldi, – deydi Xitoy Yangiliklar axborot agentligining Shinjon bo‘limi rahbarining o‘rinbosari Van Szinshen. – Biz Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati doirasida bunday OAVni ta’sis etishda tashabbuslar bo‘lishga tayyormiz. Kelgusida Markaziy Osiyoning xar bir mamlakatida yangi ommaviy axborot vositasining muxbirlik vakolatxonalarini ham ochish zarur bo‘ladi.
Qashqar Osiyoning yirik logistik markazi
Shinjon Xitoyning eng muhim strategik ahamiyatga ega mintaqasi. Qashqar esa go‘yo uning yuragi. U qadimda ham Buyuk ipak yo‘lidagi karvonlar to‘xtab Ovro‘padan kelayotgan karvonlar bilan uchrashadigan joy bo‘lgan. O‘zaro tovar almashuvlar aynan shu yerda amalga oshirilgan. Mana endi bugunga kelib Qashqar Chinmochinning rivojlangan shaharlaridan biri, yirik logistik markaz, sharq va g‘arb, shimol va janubni bog‘lovchi savdo chorrahasi bo‘lib qoldi. Aynan shuning uchun ham bu yerda davlatlararo iqtisodiy forumlar, ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari yarmarkalari tez-tez o‘tkazib turilmoqda.
Dunyo iqtisodiyoti murakkab vaziyatni boshdan kechirayotgan shu paytda Xitoyning Qashqar okrugida 2024 yil birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning shu paytiga nisbatan 5,4 foizga, savdo 11,5, tovar aylanmasidagi mablag‘ 6,2 foizga o‘sgan. Qashqarga kelayotgan sayyohlar oqimi esa rekord darajada – 44,2 foizga ko‘paygan.
Buning asosiy sabablaridan biri Shinjonda tadbirkorlikdagi erkinlik, imtiyozlarning qonuniy asoslari shakllangani, bank kreditlarining ustama foizi past darajada ekani bilan bog‘liq.
Qashqar erkin sanoat zonasi va logistik markazida deyarli barcha mahsulot ishlab chiqariladi. BVD larni qo‘ya turing, yoshi ulug‘lar, imkoniyati cheklangan, yolg‘iz aholi vakillari uchun boshqaruvi oson bo‘lgan kichik avtomobillarni ham sotuvga chiqarishdi. Tezligi 80 kmgacha, 100 km masofaga 1,5 litrgacha yoqilg‘i sarflaydigan yoki elektr batareykasini bir marta quvvatlab 200 km yura oladigan 4 o‘rinli bu mashinalar egalariga yetib bordi.
Iqtisodiy zonada ko‘rgazma do‘konlari bo‘lib, unga mahsulot namunalari qo‘yiladi.
–Kompaniyamiz Xitoynning taniqli brendlari mahsulotlarini Markaziy Osiyo davlatlariga tavsiya etish va sotish bilan shug‘ullanadi, – deydi tadbirkor Tang Yan Rong. –O‘zbekistonga ko‘k choy, parfyumeriya mahsulotlari yetkazib beryapmiz. Yuk olib borgan mashinalar qaytishda gilos olib keladi. Uni mamlakat sharqiy okruglarida sotamiz.
Xitoyning sharqidagi Xnan provinsiyasi Qashqardagi erkin iqtisodiy zonada ip yigiruv korxonasini tashkil etgan. Ma’lumki, Xitoy bir yilda 16 mln. tonnagacha paxta xomashyosi yetishtiradi. Uning asosiy qismini Shinjon Uyg‘ur avtonom rayonining Qashqar va uning atrof okruglari yetkazib bermoqda.
“Shenjen tekstil texnolog” kompaniyasi faqat paxtani qayta ishlash bilangina shug‘ullanmaydi. Ular ana shunday ish bajaruvchi liniya va uskunalarni ishlab chiqaradi.
Qashqardagi bu to‘qimachilik korxonasining quvvati 135 ming urchuqqa teng. U Andijon viloyatidagi ip yigiruv to‘qimachilik majmualari bilan hamkorlik qiladi. Ya’ni ularga shu yerdagi kabi zamonaviy uskunalarni yetkazib berganlar.
–Biz har oyda 2 ming tonna ip yigiramiz. Uni Xitoy to‘qimachilik korxonalariga yetkazib beramiz. Chunki Qashqar paxtasidan olingan tola uzunligi, mikroneyer ko‘rsatkichi, ya’ni baquvvatligi yuqoriligi bilan ajralib turadi, – deydi uning direktori Yan Sin Shen.
Erkin iqtisodiy zonada yangi qurilgan pavilon, ombor, terminallardan endi Pokiston tomon ham dovon orqali avtomobil harakat yo‘li ochildi. Shunday qilib, Qashqar Osiyoning eng yirik ishlab chiqaruvchisi va logistik markaziga aylanmoqda.
Qashqarning 99 ko‘chasi
Xizmat safarining Qashqar bilan bog‘liq barcha rasmiy qismi yakunlandi. Va nihoyat bizda bo‘sh vaqt paydo bo‘lib, Qashqarning eski shahar mavzesiga keldik.
Biz Qashqar shahrining 1400 yil avval bunyod etilgan darvozasidan dunyoning turli qit’alaridan kelgan minglab sayyohlar qatorida bu ko‘hna va mashhur o‘rda tomon kirdik. Barcha bino-inshootlarni imkon qadar aslicha saqlab qolishga harakat qilganlar. Tabiyki, ular asrlar davomida ta’mirlab borilgan. Lekin Qashqarni aslicha avloddan avlodga o‘tkazish mahalliy aholi-uyg‘urlar uchun e’tiqod ishiga aylangan. Darvoqe, umuman bugungi eski va yangi Qashqarda 600 ming aholi yashaydi. Salkam sakson foizi uyg‘urlar. Ular qadimdan savdogarchilik, xunarmandlik bilan shug‘ullanib kelganlar. Eski shahar ko‘chalarini sayr etar ekansiz, bu an’ana hozirgacha saqlanib qolganini ko‘rasiz.
–Qadimiy shahar hududida 99 ta ko‘cha bo‘lib, ularning har biri nomining o‘z tarixi bor, – deydi yo‘lboshchi Marhabo Odil qizi. –Biz turgan ko‘cha tog‘archilar ko‘chasidir. Ilgari bu yerda ipakchilik bilan shug‘ullangan hunarmandlar yashaganlar. Shuning uchun bu ko‘cha tog‘archi ko‘cha deb ataladi.
Ha, 99 ko‘cha 99 hunarmandchilik nomi bilan yuritiladi. Bu ko‘chada yigchilar yashaydi. Beshikdan to chekichgacha yasab sotadi ular. Bu ko‘cha temirchilik deb ataladi. Ustaxona necha yuzlab yillar davomida avlodlarga o‘tib kelavergan. Bu bozg‘onda o‘z vaqtida ne-ne qilich-u sovutlar ishlab chiqarilmagan deysiz. Bugun esa xo‘jalik ehtiyoji mollari, rang-barang pichoq, choynak-piyolalar tayyorlanyapti.
Qashqarning eski shahrida gulchi, kulol, zargar, e, qo‘yingki, nonvoy ko‘chalarigacha bor. Aytishlaricha, Qashqarning eng qadimiy nonxonalaridan biri shu ko‘chada joylashgan ekan.
–Ismim Umarjon. Yettinchi avlod nonvoychilik bilan shug‘ullanyapmiz. Bobomning bobolari ham shu binoda nonvoychilik qilishgan. Davlat bizga tijoratimizni yuritish uchun yaxshi sharoit yaratib bergan. Turmushimiz ham yaxshi.
Sayyohni e’zozlash, ko‘nglini olish, xurmat ko‘rsatishda qashqarliklar hech birimizdan kam emas. Shohona libos kiydirib ot, tuya mindirib, bepul shahar sayr qildirish ham ulargagina xos odat. Shundanmi, 2020-2021 yildagi ochiqlik siyosati tufayli Shinjonga, Qashqarga sayyohlar oqimi keskin ko‘payib ketdi.
–Bir kunda Qashqarning ko‘hna shahri bilan tanishgani kelayotgan sayyohatchilar 100 mingdan oshadi. Dam olish va bayram kunlari ularning soni 200 ming nafarga yetadi, – deydi Marhabo Odil qizi.
Ko‘hna shaharga sayoxat 10 yuan, ya’ni 17 ming so‘m turadi. Bu yerga bir kunda tashrif buyurayotgan sayyohlardan tushgan chipta pulining o‘zi 200 mingdan 300 ming dollargacha yetadi. Ichkaridagi xizmat ko‘rsatish, savdo-sotiqdan olinayotgan daromadni qo‘yavering. Bu mablag‘lar sayyohlarga tobora qulay sharoit yaratish, sayohat manzillarini ta’mirlash, turli sovg‘a, tug‘ilgan kun kabi aksiyalar o‘tkazishga, shu yo‘l bilan yana ham ko‘proq sayyoh jalb qilishga sarflanar ekan.
Qashqar vodiysi ziroatlari
Qo‘hna shahar imoratlari asosan o‘ymakorlik bilan bezatilgan yog‘ochsozlikka asoslangan. Uylar pishgan g‘ishtdan qurilgan bo‘lsada, pishitilgan mayin somonli loysuvoq qilinadi. Bu yozda issiqdan, qishda esa sovuqdan asraydi, deydi aholi. Qashqar iqlimi shifobaxsh o‘simliklar uchun g‘oyat qulay. Qolaversa, sharqda Xitoyning uch yarim ming kilometrli sahrosi, janubiy va g‘arbiy tog‘lardan Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab o‘tgan karvonlar hamisha Qashqarda to‘xtagan, mol almashgan, savdo qilgan. O‘sha zamonlardan buyon bu yerdagi ko‘chalarning biri ziroatchi deb atalgan. Uning hozirgacha saqlangan o‘nlab do‘konlarida turfa xil giyohlar sotiladi.
– Qashqarda shifobaxsh o‘simliklar ko‘pligi va odamlar ularni iste’mol qilayotgani uchun bemorlar nisbatan kam deyishadi. Shu to‘g‘rimi?, – so‘raymiz biz do‘kondorlarning biridan.
–Darhaqiqat, Qashqar bir tomondan Tokli Makon sahrosi yaqinida, bir tomondan Tyan Shan tog‘lariga tutash bo‘lgani uchun shifobaxsh ziroat juda ko‘p. Odamlar ulardan samarali foydalanib kelyapti, – deydi ziroat do‘kondori Alijon Xalfa.
Qashqarliklar xonadonida ham, restoranu ovqatxonalarda ham eng suyukli ichimlik – choy. Lekin u bizning tasavvurimizdagi xitoy, hind yoki seylon choyi emas. Hamma joyda giyohli choy ichiladi.
–Mana bu giyohlardan tayyorlangan choy damlamasi qon bosimini tushiradi. Uning tarkibida tog‘lardagi yovvoyi o‘rik mag‘izi, Qashqar zirasi va zirki, bodiyon va qora choy bor, – deydi Alijon Xalfa. –Bunisini esa uyg‘urchoy deydilar. Uning tarkibiga giyohlardan tashqari qora murch, qalampir, cho‘l o‘simligi qovzag‘ining talqoni, Qashqar atirgullari ham qo‘shilgan. U oshqozonni qizitadi. Tomoqdagi shamollashni bartaraf etadi. Ichni yuritadi.
Qashqarning tashrif qog‘ozlaridan biri – uning gulqand shirinligidir. Gulqandni ayniqsa Osiyo mamlakatlaridan kelgan sayyohlar juda yoqtiradilar. Uning xushbo‘y hidi ko‘chalargacha tutib ketgan. Biz ham bunday imkoniyatni qo‘ldan bermay bir nechtasini sotib oldik.
–Mana bu esa Qashqarning mashhur qizil atirgullari bargidan tayyorlangan gulqand. U faqat Qashqarda tayyorlanadi. Unga sahro gullarini quritib qo‘shiladi va 90 kun quyosh nurida saqlanadi. Uning xususiyati shuki, oshqozonning barcha kasalliklariga shifo bo‘ladi. Gulqandni Qashqardagi barcha xonadonlarda tayyorlaydilar.
Eski shaharning hamma ko‘chalarida aholi yashaydi. Tabiyki, ularda quvonchli voqealar – to‘ylar ham bo‘lib turadi. Qiziquvchan sayyohlar bir lahza bepul tomosha ko‘radilar. Chunki uyg‘urlar milliy urf-odatlari, kuy-qo‘shiqlari, umuman, milliyliklarini saqlab qolganlar.
Xonadonim – ish joyim
Qashqarning eski shahari arang nafas olayotgandek. Birinchidan, aholi zich. Bir-ikki sotix yerda ham oilalar yashayveradi. Qolaversa, sayyohlar oqimi shu qadar tig‘izki, ba’zida oyoq bosgani joy topmaysiz. Uning ustiga, har bir xonadonning ko‘cha xonasi do‘kon. Erta tongdan yarim tungacha savdo-sotiq avjida. Ochig‘i, har kim ham bunday holatda yashay olmaydi.
Hozir biz Qashqarning tor ko‘chalaridan biridamiz. Keling ro‘paradagi xonadonga kiraylik.
Assalomu alaykum, yaxshimisiz.
–Rahmat, marhabo, – deydi xonadon sohibasi o‘zini Muxlisa Muhammad qizi deb tanishtirgan ayol.
Hovlida arang aylanasiz. Ikkinchi qavat yashash xonalari. Pastda oshxona va mehmonxona. Suv, suvoqova yo‘li bor. Gaz esa suyultirilgan xolda, ballonlarda keltiriladi. Oila a’zolari asosan kashtachilik mahsulotlari bilan savdo qiladi.
–Men bu xonadonda qaynonam bilan yashayman. Ikkita farzandim bor. Kattasi qiz kichigi o‘g‘il. Bu uyda 7 jonmiz. Sayyohlar uyimizni ko‘rgani kiradi doim. Ovqat suzayotgan bo‘lsam ularni ham dasturxonga taklif qilib, mehmondo‘stik ko‘rsataman.
Bu ham oddiy xonadonlarning biri. Uning egaralari savdo-sotiq qilmaydi, sayyohlarga madaniy xizmat ko‘rsatadi. Xonadon qo‘shnilarnikiga nisbatan kengroq. Hovliga va ikkinchi qavat ayvoniga 50-60 sayyoh sig‘adi. Ularni uyg‘ur shirinliklari va choyi bilan siylaydilar. Lekin eng muhimi jozibali uyg‘ur qo‘shiq va raqslaridir. Ayniqsa, mashxur raqqosa Xiyoli Abdurahmon qizi san’atiga mahliyo bo‘lganlar bu yerga yana qayta kelsam, deydi.
–Men raqs san’atini onamdan o‘rganganman. Ammo u qonimga ilohiy kuch bilan singgan bo‘lsa kerak. O‘zbek, tojik, hind raqslarini ijro etishni yaxshi ko‘raman.
Eski shaharning bitta ko‘chasi borki, unda siz istalgan taomni, meva va sharbatlarni topasiz. Biz ham bu ko‘chada bo‘ldik.
Bitta video reportajda qadimiy Qashqar manzaralarini to‘lig‘icha ko‘rsatish imkoniyati yo‘q. Bu yerda ham yoz emasmi, to‘kinchilik va pishiqchilik. Mana bu yerda anjir sotishmoqda.
– Bu qayerning anjiri, – so‘raymiz iroqi do‘ppi kiygan sotuvchidan.
–Atushning mashxur bog‘laridan uzib keldik, – deydi u. –Marhamat yeb ko‘ring.
Biz iltifotni rad etmadik. Atush anjiri darhaqiqat g‘oyat shirali edi.
Qashqar manzaralarini ko‘rish, anglash va unga to‘yish uchun albatta Qashqarga tashrif buyurish kerak.
Ha, Shinjonga, Qashqarga boring. U O‘zbekistondan olisda emas. Qolaversa, tilimiz, e’tiqodimiz, urf-odatlarimiz bir-biriga yaqin. Hatto, raqslarimiz ham.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/M2IF2_J1YJY" title="BUYUK IPAK YOʻLIDAGI QASHQAR" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA