Buyuk ipak yo‘lidagi turizm istiqboli
Samarqand shahrida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Samarqand shahrida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Prezidentimiz Islom Karimov xalqaro anjumanning ochilish marosimida nutq so‘zlagani sessiya ishiga chuqur mazmun bag‘ishlagani alohida ta’kidlandi.
Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining mazkur sessiyasi «Buyuk ipak yo‘li – xalqaro turizmni rivojlantirishning yangi istiqbollari» mavzusiga bag‘ishlandi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Buyuk ipak yo‘li jahon tarixidagi eng muhim madaniy va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan noyob hodisadir.
Asrlar davomida olis mamlakatlar va xalqlarni bir-biri bilan bog‘lagan bu yo‘l hozirgi davrda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda u Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va ma’rifiy hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Ushbu xalqaro robita markazida joylashgan O‘zbekistonda xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi sayyohlik olami vakillariga jahon sayyohlik bozorining bugungi ahvoli va rivojlanish istiqbollari xususida fikr-mulohaza va tajriba almashish, turizmning yangi tendensiyalari, bu borada dolzarb muammolarni muhokama qilish, sayyohlikning yangi qirralarini kashf etish imkonini berdi. Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizning sayyohlik borasidagi ulkan salohiyati bilan tanishdi, yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Sessiya ishida xalqaro sayyohlikni rivojlantirish istiqbollari, turizm va madaniyat sohasida hamkorlikning yangi modellarini yaratish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish, mintaqaviy rivojlanish va integratsiyani rag‘batlantirishda sayyohlik marshrutlarining roli, xalqaro turizmning bugungi holati va istiqbollari kabi qator mavzularda ma’ruzalar tinglandi. O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilishni kengaytirish bo‘yicha fikr va tajriba almashildi. Turizm sanoatida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va sohaga investitsiya kiritish masalalari muhokama etildi.
BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘yicha qabul qilingan qarorlar loyihasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston bilan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimizda sayyohlikni yanada rivojlantirish, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish, Buyuk ipak yo‘lida turizmni keng ommalashtirish bo‘yicha hamkorlikka oid bitim imzolandi.