Buyuk ijodkor mehnatiga munosib rag‘bat
Jahonning nomdor kompozitorlari klassik asarlarini tinglovchiga yetkazishda musiqa ijrochisining mahorati, ijodiy yondashuvi beqiyos ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, Behzod Abduraimov dunyo kompozitorlarining eng mukammal asarlarini san’at ixlosmandlariga yetkazish bilan birga, O‘zbekiston nomining jahon miqyosida baralla yangrashi yo‘lida ham samarali ijod qilib kelayotgan iqtidor sohibidir.
Prezidentimizning «Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonining ilk qismidayoq taqdirlanganlar safida Behzodning familiyasini ko‘rib, juda quvondim. U har qancha e’tirofga loyiq ijodkor. Darhaqiqat, Amerika Qo‘shma Shtatlari Missuri shtatidagi Park universiteti musiqa markazi rezidenti Behzod Abduraimovning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangani millionlab san’at muxlislari uchun katta quvonchga aylandi.
Behzod Abduraimov 1990 yil 11 sentyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Besh yoshidan buyon musiqa bilan jiddiy shug‘ullanib kelayotgan Behzod poytaxtimizdagi Uspenskiy nomidagi Respublika maxsus musiqa maktabida atoqli pedagog Tamara Popovichdan saboq olgan. Tamara opa jahonda nomdor bo‘lgan ko‘plab iste’dodli musiqachi yoshlarning mehribon va ayni damda g‘oyat talabchan o‘qituvchisi edi.
Behzod sakkiz yoshidan boshlab O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri jamoasi tarkibida nainki O‘zbekiston, balki AQSH, Italiya, Rossiya kabi davlatlarda iste’dodini namoyon eta olgan ijodkordir.
Tahsilni AQSHning Park universitetida davom ettirishga muvaffaq bo‘lgan Behzod Qozog‘iston, Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Italiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro pianinochilar tanlovlarida bir emas, bir necha bor birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
B.Abduraimov jonajon O‘zbekistonimizda ham bir necha bor konsert dasturlari bilan ijodiy safarda bo‘lgan. Konsertga kirish ishtiyoqidagi muxlislar ko‘p bo‘lishiga qaramay, bu musiqiy dasturlar asosan xayriya tarzida bo‘lib, ularga Mehribonlik uylari, maxsus maktab internatlarning o‘quvchilari, ehtiyojmand oila farzandlarini taklif etishga ham jiddiy e’tibor qaratadi.
Odatda, musiqachilarning kun tartibi necha oylab avval rejalashtirilgan bo‘ladi. Bu turli mamlakatlardagi konsertlar, ijodiy loyihalar, safarlar, festival va tanlovlar, mahorat darslari bilan bevosita bog‘liqdir.
Ayni damda musiqachilar biror lahza bo‘lsada, vaqtni behuda sovurmaydigan puxta, tartibli, intizomli insonlardir. Shu ma’noda, dunyo tan olgan mashhur musiqachi Behzod Abduraimov har qancha ibrat olsa arzigulik ijodkordir. Unga yanada yuksak ijodiy parvozlar tilaymiz!
Nazokat Usmonova, O‘zA