Buxoroning "Issiq yurakli odami"
Buxoro viloyatini 12 yil davomida boshqargan Qayum Murtazoyevning sermahsul faoliyati nafaqat voha hayotida, balki mamlakatimiz tarixida ham o‘chmas iz qoldirgan.
Yozuvchi va publitsist Ilhom Karimov o‘zining “Issiq yurakli odam” kitobida shunday yozadi: “XX asrda Buxoroning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida uch atoqli shaxs alohida e’zozlangan. Vaqt o‘tishi va siyosiy shamollarning o‘zgarishiga qaramay, Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat va Qayum Murtazoyev nomlari elni obod qilgan, xalq qalbini zabt etgan, vaqt chang sola olmaydigan buyuk siymolar sifatida hamisha ehtirom bilan tilga olinadi”.
Xotira — o‘tmishga ehtirom, kelajakka ibrat. Qayum Murtazoyevning Buxorodagi rahbarlik davri insoniylik, mardlik va yuksak mas’uliyatning haqiqiy maktabi. Uning faoliyati eng og‘ir sinovlar bilan to‘la davrga to‘g‘ri keldi.

1963-yilda yuzaga kelgan O‘rtabuloq gaz konidagi favqulodda avariya, 1000 kundan ortiq davom etgan ulkan gaz favvorasining yong‘in holati, 1968–1969-yillardagi ayozli va sovuq qishlar, Qizilqum va Buxoro vohasini qamrab olgan tabiiy qiyinchiliklar, 1976-yilda Gazli shahrini vayron qilgan kuchli zilzilalar — bularning barchasi xalq va hudud taqdiri uchun og‘ir sinovlar edi.
Shunday murakkab vaziyatlarda Qayum Murtazoyev fidokorona mehnat qildi, el dardiga darmon bo‘ldi. O‘rtabuloqdagi avariya paytida u vaziyatni shaxsan o‘rganib, mas’ul idoralarni harakatga keltirdi. Yig‘ilishda qat’iy pozitsiya bildirib, muammoni hal etish uchun ilmiy va amaliy kuchlarni safarbar qilishga erishdi. Natijada, 1000 kun davom etgan ulkan yong‘in 1966-yilda 22 soniya ichida bartaraf etildi.
1968-yildagi qattiq qahraton qishda esa u Qizilqum sahrosida qolgan aholi va chorva mollarini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Aviatsiya va harbiy kuchlar jalb qilinib, olis hududlarga oziq-ovqat va yordam yetkazildi.
1976-yildagi Gazli zilzilasi esa uning rahbarlik salohiyatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. U voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, jabrlangan aholini joylashtirish, ta’minlash va shaharni qayta tiklash ishlarini tashkil etdi. Natijada Gazli qisqa muddatda qayta qurildi va zamonaviy shahar maqomiga ega bo‘ldi.

Qayum Murtazoyev tashabbusi bilan Zarafshon va Navoiy kabi yangi sanoat shaharlari barpo etildi. Muruntov oltin koni o‘zlashtirilishida esa u sahro o‘rtasida zamonaviy shahar qurish g‘oyasini ilgari surdi. Suv quvurlari tortilib, infratuzilma yaratildi va yangi sanoat markazlari vujudga keldi.
Uning rahbarlik uslubi adolat, haqiqat va mas’uliyatga asoslangan edi. U soxta hisobotlar va sun’iy ko‘rsatkichlarga qarshi qat’iy kurash olib bordi, har bir qarorda xalq manfaatini ustuvor qo‘ydi.
1982-yil 25-may kuni 56 yoshida hayotdan ko‘z yumgan bu buyuk inson ortidan obod shaharlar, yaratilgan infratuzilma va eng muhimi — xalqning cheksiz hurmati va muhabbati qoldi.
Bugun Qayum Murtazoyev tavalludining 100 yilligi nishonlanar ekan, uning jasoratli, g‘alvali hayot yo‘li va boy merosi Vatanga sadoqat, xalqqa xizmat va vijdonli rahbarlikning yorqin namunasi sifatida kelajak avlodlar uchun mangu ibrat bo‘lib qoladi.
Mahliyo Mirsoatova,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi.
O‘zA