Buxorolik tibbiyot xodimlari e’tirof etildi
Buxoroda tibbiyot xodimlarining kasb bayrami kuni munosabati bilan tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirga viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari va xodimlari, tibbiyotchi olimlar va mutaxassislar taklif etildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov viloyatning barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini izchil isloh qilish orqali inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarimiz salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, viloyatda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda viloyatda 80 o‘rinli 39 ta yangi xususiy tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 11 ta yangi davlat tibbiyot muassasasi tashkil qilindi, 22 ta muassasa ta’mirlandi, 30 dan ortiq muassasa zamonaviy talablar asosida yangidan jihozlandi, buning uchun 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi.
[gallery-20277]
Amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatdagi 138 ta mahallaga tibbiyot muassasalari kirib borishiga erishildi. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish viloyatning eng olis hududlarigacha yetib bordi, soha to‘liq raqamlashtirildi. O‘tgan davr mobaynida 5 200 dan ortiq yuqori texnologik operatsiya amalga oshirildi, bu orqali fuqarolarning Toshkent shahriga borib tibbiy xizmat olish zaruriyati 3 baravarga kamayishiga erishildi. Shuningdek, aholini bepul dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida 98 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Viloyatda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida 131 ta konteyner negizida 138 ta mahalla tibbiyot punkti hamda ambulator poliklinika muassasalarida 1 500 dan ortiq kunduzgi shifoxona o‘rni tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish, sohada tub islohotlar va muhim dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi katta xizmatlari, o‘zining fidokorona mehnati, bilim va malakasi bilan aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, ilg‘or xorijiy tajriba va davolash usullarini amaliyotga keng joriy etish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani, yuqori kasb mahoratiga ega kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun tibbiyot xodimlari faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida buxoroliklar ham bor. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filiali oftalmologi Orif Safarov II darajali “Salomatlik” ordeni hamda Buxoro davlat tibbiyot institutining akusherlik va ginekologiya kafedrasi professori Muhayyoxon Hamdamova “Sog‘lom turmush” medaliga munosib ko‘rildi.
Tadbirda ushbu yuksak mukofotlar bilan bir qatorda “Xalq salomatligi posboni” hamda “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonlari ham o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari