Buxorolik tadbirkorlar mukofotlandi
Buxoroda davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni va “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan taqdirlangan buxorolik tadbirkorlarga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlarini egalariga topshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida farmoyishiga asosan mukofotlanganlar orasida buxorolik tashabbuskor tadbirkor Nodir Hamdamov ham bor.
–Davlat rahbarining bunday yuksak e’tiboriga javoban nafaqat viloyat oziq-ovqat sanoati rivojiga hissa qo‘shayapmiz, balki yangi ish o‘rinlari orqali aholi xonadonlariga ham daromad olib kiradigan yirik korxonani ochdik, –deydi tadbirkor Nodir Hamdamov. –“Akbarjon Barakat” MCHJ negizida har biri 50 kilogrammga teng bo‘lgan, rangli qoplarda qadoqlab chiqarilayotgan “Volidam”, “Nur”, “Parvona” brendiga mansub birinchi navli un ishlab chiqarayapmiz. Bu mukofot menga katta mas’uliyat yuklaydi.
[gallery-18758]
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari