Buxorodagi qarovsiz qolgan bekatlar
Buxoro viloyati transport boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yo‘nalishlardagi avtotransport vositalari va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun Buxoro va Kogon shaharlari, Vobkent, G‘ijduvon va Qorako‘l tumanlarida 5 ta avtostansiya, Buxoro shahrida 2 ta, Olot Romitan, Peshku tumanida 1 tadan oxirgi to‘xtash bekatlari va viloyat bo‘yicha 574 ta oraliq bekatlar mavjud.
Xo‘sh ularning bugungi ahvoli qay darajada? Aholiga xizmat ko‘rsatish uchun qanaqa qulayliklar yaratilgan? Biz shu savollarga javob topish uchun ayrim bekatlardagi ahvolni o‘rgandik.
Aksariyat bekatlar savdo do‘koniga aylangan. Bu ham yetmagandek, atrofi turli xil ichimliklar taxlami va boshqa mahsulotlar bilan to‘ldirib tashlanganki, mazkur holat transport vositalarining to‘xtashi, yo‘lovchilarning avtobusga chiqib, tushishiga xalaqit bermoqda. Vaholanki, amaldagi me’yorlarga ko‘ra, bekat uchun ajratilgan maydonning kamida 70 foizi yo‘lovchilarga mo‘ljallangan bo‘lishi kerak.
Eng yomoni, do‘konga aylantirilgan bekatlarning ba’zilari ertalab soat 9:00 da ham yopiq bo‘ladi. Bekatdagi savdo do‘koni ishlayotgan bo‘lsa bekat ochiq, bo‘lmasa yo‘q. Yo‘lovchilar bekatga kirolmay tashqarida turadi.
– Shahrimizda zamonaviy bekatlar juda ham ko‘p, – deydi yo‘lovchilardan biri Nigora Axmedova. – Afsuski, bu bekatlar tadbirkorlarga berilgan bo‘lib, u yerda savdo do‘konlari, fast-fut, somsa va turli xil oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘lovchilarga ajratiladigan joylarda stol-stullar qo‘yilib, yemakxonaga aylantirilgan. Tadbirkor kelib bekatni ochsa yo‘lovchi avtobusni o‘rindiqda o‘tirib kutishi mumkin. Agar yo‘lovchilarga ajratilgan joy band bo‘lsa, yo‘lovchi qishda ham yozda ham bekatga kirmay tashqarida turadi. Buni aksariyat shahar bekatlarida kuzatish mumkin.
O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, savdo va umumiy ovqatlanish nuqtalariga ega bekatlar, asosan, shahar markazida joylashgan. Shahar chekkalarining ayrim joylarida bekatning o‘zi yo‘q. Borining ham aksariyati ta’mirlanmagan. Bunday manzillar tadbirkorlar bilan birga, mutasaddilarning ham e’tiboridan chetda qolgan.
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohidan Mir Kulol ziyoratgohi tomon yursangiz yo‘l-yo‘lakay eskirib qolgan, sobiq ittifoq davrida qurilgan bekatga ko‘zingiz tushadi. Bu bekat anchagina mustahkam, ammo so‘nggi yillarda e’tibor qaratilmaganligi sabab yemirilib, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.
“Shu ham mavzu bo‘libdimi”, “Bunday bekatlar hamma joyda borku” deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo bugun barcha sohalarda tub o‘zgarishlar va ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan bir paytda bekatlar e’tiborsiz qoladimi? Ayniqsa, mahalliy va xorijiy sayyohlar gavjum bo‘lgan maskanlar atrofida joylashgan bekatlar.
Buxoro shahar Gulchorbog‘ ko‘chasidan Kogon tumanidagi Orifon ko‘chasigacha biror bir bekat mavjud emas. Lekin bu yerda shahardan qatnovchi 60-11-yo‘nalishdagi avtobuslarni ko‘rishingiz mumkin. Kogon tumanidagi Orifon ko‘chasidan Bahouddin Naqshband ziyoratgohigacha mavjud bekatlar abgor ahvolga kelib qolgan. Katta oynalari singan, bekat ichkarisida chiqindilar sochilib yotibdi, o‘rindiqlar yo‘q.
– Har kuni erta tongdan shu ko‘cha bo‘ylab Bahouddin Naqshband ziyoratgohigacha piyoda yuraman, – deydi yoshi ulug‘ otaxonlardan biri Karim bobo Husenov. – Afsuski, bekatlardagi mana shunday xunuk manzara odamning dilini xira qiladi. Barchaga ma’lumki, mana shu ko‘cha bo‘ylab mahalliy va xorijiy sayyohlar, martabali mehmonlar ziyoratga borishadi. Albatta, qarovsiz qolgan bekatlarga ko‘zi tushadi. Ayniqsa, xorijiy sayyohlar kun bo‘yi bunga guvoh bo‘lishadi. Bu xunuk manzarani mahalliy hokimliklar zudlik bilan nazoratga olishi shart. Shu o‘rinda aholiga bekatlardagi oyna va o‘rindiqlarni sindirmaslikni ham iltimos qilgan bo‘lardim.
[gallery-7571]
Yo‘nalishimizni Kogon tumanidan yangi ochilgan yo‘l, ya’ni Buxoro tumaniga qaratamiz. Yo‘l-yo‘lakay yangi yo‘lda yangi bekatlar qurilgan bo‘lib, mazkur bekatlarda ham yuqoridagi xunuk manzarani kuzatish mumkin. Yo‘l bo‘yida joylashgan bekatlar hech kimga kerak bo‘lmay qoldi shekilli qarovsiz holga kelgan. Begona o‘tlar o‘sib, tom qismi o‘pirilib tushganlari ham bor. Avtobus bekatidan yo‘lovchilar umuman foydalanmayapti. Bu esa ayrim olg‘irlarga qo‘l kelgan ko‘rinadi: o‘rindiq uchun qo‘yilgan taxtalar o‘g‘irlab ketilgan. Bunday xunuk manzaralarni Buxoro va Vobkent tumanlari hamda Gazli shahriga ketish yo‘lida ham kuzatish mumkin.
G‘arib holga kelgan bekatlar hademay yo‘llardagi qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangach, yo‘lovchilar bilan gavjum bo‘ladi. Unda bu bekatlarga yana falon million so‘m mablag‘ ajratilib, ta’mirlanadimi?.
Viloyatning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish va undan foydalanish samaradorligini oshirish, betakror tarixiy-madaniy va me’moriy meros ob’ektlari bilan sayyohlarni keng tanishtirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilayotgan bir paytda mana shunday xunuk bir manzaralar nainki mahalliy balki xorijiy sayyohlarni ham kayfiyatini tushirishi tabiiy.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi? Mas’ullar bu masalaga qanday qaraydi?
Zarif Komilov O‘zA muxbiri,
Tohirjon Istatov olgan suratlar.