Buxoroda Yosh liderlar forumi davom etmoqda
Forumda Turkiy davlatlar tashkilotining Yosh liderlari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining direktori, senator Alisher Sa’dullayev, Turkiy Davlatlar Tashkilotining Bosh kotibi Bag'dod Amreyev hamda Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov ishtirok etdi.
Viloyat hokimi mazkur forumning qadim va navqiron Buxoroda o‘tkazilayotganidan mamnunligini ta’kidladi. Forum Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi turkiy xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro birodarlik, do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini yanada rivojlantirishdagi yangi bosqichligini qayd etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 8-Sammitida 2022 yilni turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilish yuzasidan bildirgan tashabbuslari asosida o‘tkazilayotgan ushbu forum bir necha ming yillik qardosh xalqlar yoshlarining o‘zaro aloqalarini yanada rivojlantirishda muhim tarixiy ahamiyat kasb etadi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, shakllanish tarixi Yofas alayhissalomdan, davlatchilik tarixi esa Alp Er To‘nga – Afrosiyobdan boshlangan turkiy xalqlar jahon tarixi, fani va madaniyati, ma’naviy olamida chuqur iz qoldirgan.
Hech qanday tarjimonsiz bir birini tushuna oladigan, tili, dini, madaniy ildizlari mushtarak ushbu xalqlar O‘rxun-Enasoy yozuvlari, To‘nyuquq bitiktoshi, Dada Ko‘r Qut kitobi, M.Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarlarini o‘z tarixiy-madaniy ildizlari deb biladi. Keyinchalik ushbu mushtarak daraxt novdalari bo‘y cho‘zib, har bir elat alohida millat bo‘lib shakllanganda ham, o‘zbekning Navoiysi, turkning Emrosi, ozarning Fuzuliysi, turkmanning Maxtumqulisiyu, qozoqning Abayi barcha turkiylar uchun aziz va sevimli bo‘lib qolaverdi.

Bugun ishonch bilan ayta olamizki, ushbu forum ajdodlarimiz o‘rtasidagi ming yillik qon-qarindoshlik, ilmiy va madaniy rishtalarni yoshlarimiz qalbiga ko‘chirib, turkiy davlatlar yoshlari o‘rtasida muntazam faol muloqotni yo‘lga qo‘yadi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijodiy g‘oya va loyihalarini rag‘batlantirish va yoshlar tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid uyg‘otadi. Shu o‘rinda Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati, xususan, beshta muhim tashabbus doirasida yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va bandligini ta’minlash borasidagi islohotlar yuksak samaralar bermoqda.
Bugun start olayotgan “Turkiy dunyoda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” ning O‘zbekiston zaminida qadim Sharq durdonasi Buxoro shahrida o‘tkazilishi biz, buxoroliklarga alohida faxr va iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi. Forum doirasida namoyish etiladigan taqdimot va ishlanmalar turkiy dunyo yoshlari o‘rtasida ta’lim, ilm-fan, tadbirkorlik, axborot texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, Turkiy dunyoning buyuk madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish maqsadida madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shubhasiz, forum turkiy dunyoning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissalarini yanada chuqur anglash va o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), UzA