Buxoroda xizmatlar sohasi yangi rivojlanish bosqichida
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida xizmatlar sohasini rivojlantirish, aholiga sifatli va zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Avtomobil yo‘llari bo‘yi hamda suv havzalari atrofida zamonaviy infratuzilmaga ega servis, savdo va dam olish maskanlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, A-380 va M-37 xalqaro avtomobil yo‘llarining viloyat hududidan o‘tuvchi 486 kilometr qismida yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda 203 ta lot bo‘yicha 69,4 gektar yer maydoni elektron auksion savdolariga chiqarilib, 45,3 gektar maydon 133 nafar tadbirkorga realizatsiya qilindi. Bu yerlarda zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aholi bandligini ta’minlash uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.
[gallery-30821]
Ayniqsa, G‘ijduvon tumani hududidan o‘tuvchi M-37 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida tashkil etilayotgan xizmat ko‘rsatish hududi e’tiborga molik. Bu yerda qariyb 100 ta yangi biznes sub’ektini tashkil etish, 1 ming 550 ta ish o‘rni yaratish hamda 650 milliard so‘m investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Viloyatda suv havzalari atrofida zamonaviy dam olish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini shakllantirish ishlari ham davom etmoqda. Jumladan, 11 ta sohilbo‘yi dam olish maskanini tashkil etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 50 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilinib, 124 ta ish o‘rni yaratildi.
Sohilbo‘yi hududlarni obodonlashtirish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish aholi uchun qulay dam olish sharoitlarini yaratish bilan birga, turizm va xizmatlar sohasida tadbirkorlik faolligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Yil yakuniga qadar viloyatda 913 ta yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektini ishga tushirish, 5 ming 257 nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA