Buxoroda uchta bozor rahbari ishdan olindi
Buxoro viloyati hokimligida bozorlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov boshqargan tadbirda ta’kidlanganidek, bozor va savdo markazlarida do‘konlar zich joylashishi, ularda ko‘p miqdorda tovar, moddiy boyliklar bo‘lishi hech kimga sir emas. Bu o‘z navbatida mazkur ob’ektlarning yong‘in xavfini oshiradi. Shu sababdan ham bozorlarda xavfsizlik talablariga rioya qilish dolzarb masala hisoblanadi. Xo‘sh, viloyatdagi bozorlar bunday noxush holatlardan yiroqmi? Ularda yong‘in xavfsizligi talablariga to‘liq rioya etilyaptimi?
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan bozorlar, u yerdagi savdo do‘konlarining yong‘in xavfsizligi holati o‘rganilganda juda ko‘p kamchiliklar borligi aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha avval ham bozorlar rahbarlariga, tadbirkorlarga tegishli ogohlantirish xatlari berilgan. Ammo natija qanday bo‘lyapti?

– Afsuski, viloyat hududidagi bozorlarda bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilmayapti, – deydi yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Abdurazzoq Abduxoliqov. – Tadbirkorlarning bozor yoki bozor atrofida noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishi, savdo ob’ektlarini qurish yoki jihozlashda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmasligi kabi holatlar borki, bu nafaqat o‘sha fuqaroning o‘z hayoti va mol-mulki, balki atrofdagilar uchun ham xavf tug‘diradi. Tahlillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bozor va savdo rastalarida sodir bo‘layotgan yong‘inlarning aksariyatiga elektr sim va kabellarning talablar asosida montaj qilinmagani, elektr jihozlarining nazoratsiz qoldirilishi sabab bo‘lmoqda.
Barchamiz yaxshi bilamizki, sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish uchun ko‘p miqdorda suv talab etiladi. Shu bois, bozorlar hududida suv saqlash sig‘imlari barpo etilgan bo‘lishi lozim. Ammo bugun ayrim bozorlar hududida bunday hovuzlar qurilmagan, borlari ham to‘ldirilmagan yoki allaqachon yaroqsiz holga kelib qolgan. Oddiygina kamchilikni o‘z vaqtida bartaraf etmaslik esa og‘ir oqibatlarga olib kelishi muqarrar.
Shuningdek, yig‘ilish davomida bozorlarda uchraydigan yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq yana ko‘plab kamchiliklar sanab o‘tildi.
Bozorlarda sanitariya-epidemiologik holatlarni barqaror saqlash ham hamisha dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi bu borada eng muhim jihatlardan hisoblanadi. Shuningdek, bozorlarda sotuvchilarning ham mavjud talablarga rioya qilishi sanitariya holatini saqlashda asosiy omillardandir.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Mirjamol Miralimov ayni shu masalar xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi hamda veterinariya xodimlari bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davrida viloyat hududidagi dehqon bozorlarida, boshqa savdo ob’ektlari va yarmarkalarida profilaktik va nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan profilaktik-nazorat tadbirlari davomida 239 nafar veterinariya, sanitariya-qoidalari va normalarini buzgan fuqarolar aniqlanib, ularning 56 nafariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Olib borilgan tadbirlar davomida iste’molga yaroqsiz, noma’lum sharoitda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari aniqlanib, savdodan olib qo‘yilgan va tegishli tartibda yo‘q qilish choralari ko‘rilgan.
Viloyat hokimi Botir Zaripov bozorlarda bu borada tegishli tashkilotlar, ayniqsa, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmasi tomonidan nazorat ishlari yetarli emasligi, zarur chora-tadbirlar lozim darajada olib borilmayotganligi xususida to‘xtaldi. Shundan kelib chiqib, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ashur To‘xtayev faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Unga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, sanitariya ahvoli, sotuvchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini turli joy va sharoitlarda savdo qilish, sotuvchi va xaridorlarga shart-sharoitlar yaratib berish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘yganligi, shuningdek, faoliyatidagi qator kamchiliklari uchun “Qorako‘l dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Askar Fayziyev, “Peshku-Navoiy dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Xalil Obidov, “Sohibkor dehkon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Tolib Qudratov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Bozorlar faoliyatini muvofiqlashtirishdagi sustkashligi uchun viloyat bozorlar va savdo komplekslar uyushmasi rahbari O‘lmas Xidirovga, “Galaosiyo dehqonobod” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Murodjon Ro‘ziyevga, “Shofirkon dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Maqsud Vohidovga “hayfsan” e’lon qilindi. Shuningdek, tuman-shahar hokimliklari mas’ul xodimlari yo‘l qo‘ygan kamchiliklari bo‘yicha qat’iy ogohlantirildi.
Zarif Komilov, O‘zA