Buxoroda turizm markazi quriladimi?
Buxoro shahri markazida joriy yilda «Turizm markazi» qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun shaharning Ibrohim Mo‘minov va Mustaqillik ko‘chalari atrofidagi barcha bino va inshootlar buziladi. Jumladan, katta sport majmuasi ham. Markaz 33 gektar maydonda quriladi. Ushbu maqsadlar uchun Buxoro viloyati byudjetidan 2023 yilda 517 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
«Buxoro shahri markazi buziladi, stadion o‘rniga turistik majmua quriladi» mazmunida ijtimoiy tarmoqlar orqali guruh buxoroliklarning ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga norozilik video murojaati tarqaldi.
Aniqlanishicha, Buxoro markazida «Buxoro turizm markazi» barpo etish uchun 32,6 gektar yer maydonida joylashgan 29 ta davlat tashkiloti va muassasalari hamda xususiy mulkdorlarga tegishli bino va inshootlar ko‘chiriladi.
Buxoro viloyatining yangi ma’muriy markazini joylashtirish uchun Buxoro shahridagi «Gulchorbog‘» va «Otbozor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 100 gektar yer maydonida zamonaviy ma’muriy markaz, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ko‘p qavatli turar joy komplekslari va ko‘ngilochar maskanlar hamda sayilgohlar qurilishi rejalashtirilgan.
Mazkur masala yuzasidan bugun 14 yanvar kuni soat 14.00da «Sahid Zarafshon» mehmonxonasi 2-qavatidagi majlislar zalida Buxoro shahrida «Turizm shaharchasi»ni tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan ommaviy axborot vositalari vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar, shuningdek, boshqa jismoniy va yuridik shaxslar matbuot anjumani o‘tkaziladi.
Matbuot anjumani tafsilotlari O‘zAda yoritib boriladi. Tafsilotlar O‘zAda kuzatib boring.
Zarif Komilov, O‘zA