Buxoroda “Prezident archasi” shodiyonalari
“Prezident archasi” shodiyonalari bolajonlar uchun beg‘ubor orzu-umidlar bayramiga aylangan. Ushbu tantanalar davomida Prezidentimiz sovg‘alari topshirilishi esa kichkintoylarning quvonchiga quvonch qo‘shmoqda.
Buxoroda “Prezident archasi” viloyat tadbiriga hududdagi oilaviy bolalar uylarining tarbiyalanuvchilari, chin yetimlar, vasiylik va homiylikka olingan bolalar, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan huquq-tartibot idoralari xodimlarining farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlar taklif etildi.
Yurtboshimizning kelajagimiz egalariga ko‘rsatayotgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rliklari hamda yurtimizdagi bolajonlikning yorqin ifodasini o‘zida namoyon etgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, bolajonlarni Yangi yil bilan tabrikladi. O‘qishlariga omad tilar ekan, ularni yangi va yuksak marralarni zabt etishga undadi.
Bolalarga “Prezident sovg‘alari” topshirildi. O‘quv qurollari va shirinliklardan iborat tuhfadan o‘g‘il-qizlarning ko‘ngli shod bo‘ldi. Viloyatdagi 538 nafar bolaga mo‘ljallangan “Prezident sovg‘asi” tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 17 turdagi shirinliklar, 2 nomdagi kanselyariya mahsulotlari, smart soat, dars magnit taxtasi va boshqa sovg‘alar kiritilgan. Shuningdek, 12 yoshdan katta tarbiyalanuvchilar uchun tayyorlangan sovg‘alar tarkibidan planshetlar ham o‘rin olgan.
Shundan so‘ng, “Prezident archasi” o‘rnatilgan katta sahnada madaniy bayram tadbiri boshlandi. Qorbobo va qorqiz ishtirokida viloyat teatri ijodiy jamoasining mehr-oqibat, ezgulikning yovuzlik ustidan hamisha g‘olib chiqishi, inson farzandi doimo yaxshilik va xayrli ishlarga intilib yashashi haqida hikoya qiluvchi ertak-spektakl namoyish qilindi. Bayramona bezatilgan archa atrofidagi sho‘x qo‘shiq, tarona va raqslar, bolajonlarga olam-olam quvonch, shodlik va hayajon, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
[gallery-15261]
Nafaqat viloyat markazi, balki har bir shahar va tumanda yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil etilgan “Prezident archasi” tantanalari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarini keng qamrab olgan holda zo‘r uyushqoqlik bilan o‘tmoqda.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/dwDFQ1KYY-M" title="Buxoroda “Prezident archasi” shodiyonalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari