Buxoroda Ozarbayjon madaniyati markazi ochiladi
Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan ko‘plab ko‘priklar bor. Ammo asrlar sinovidan o‘tgan tarix, mushtarak ma’naviy qadriyatlar, adabiyot va san’at, ilm-fan va ma’rifat kabi rishtalarni hech qanday masofa uzolmaydi. O‘zbek va ozarbayjon xalqlarini birlashtirib turgan ana shunday ezgu va mustahkam rishtalar bugun yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va tashabbuslari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar nafaqat iqtisodiyot va investitsiya, balki ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at va yoshlar sohalarida ham izchil rivojlanmoqda.
Ayni jarayonning Buxorodek qadimiy ilm va ma’rifat maskanidagi yana bir muhim ifodasi — Buxoro davlat universitetida O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Akif Marifli, markaz bosh maslahatchisi Yusif Mammadov, Buxoro davlat universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rustam Jumayev, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Kamoliddin Samiyev, shuningdek, universitet vakillari ishtirok etishdi.

Muloqot davomida ikki xalq o‘rtasidagi azaliy tarixiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro madaniy almashinuvni kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvning eng muhim va diqqatga sazovor tashabbuslaridan biri — Buxoro davlat universitetida Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazini tashkil etish taklifining ilgari surilganidir. Bu tashabbusning ramziy va ma’naviy ahamiyati beqiyos.
Zero, Buxoro asrlar davomida Sharq ilm-fani, falsafasi, adabiyoti va ma’rifatining yirik markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Yusuf Qorabog‘iyning ilmiy-ma’rifiy merosi ham ana shu buyuk Sharq tafakkuri va ma’naviy uyg‘onish jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq.
Yangi madaniyat markazi ikki xalqning boy tarixini o‘rganish, Ozarbayjon adabiyoti, san’ati, milliy qadriyatlari va ilmiy merosini Buxoro yoshlariga yaqinlashtirish uchun o‘ziga xos ma’rifiy ko‘prik vazifasini bajarishi ko‘zda tutilmoqda.
Markaz uchun universitetning Tarix fakulteti yoki Sport va san’at fakultetidan alohida xona ajratish rejalashtirilgan. U yerda Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan taqdim etiladigan adabiyotlar, ko‘rgazmali materiallar, milliy-madaniy eksponatlar va boshqa zarur jihozlar joylashtiriladi.
Shunday qilib, bu maskan oddiy ko‘rgazma xonasi emas, balki ikki xalq tarixi, madaniyati, ilmiy merosi va ma’naviy qadriyatlarini o‘zaro bog‘laydigan jonli ma’rifat markazi bo‘lishi kutilmoqda.

Hamkorlik doirasida joriy yilning oktabr oyi oxiri yoki noyabr oyi boshida Buxoroda Ozarbayjon madaniyati kunlari ruhida keng qamrovli madaniy-ma’rifiy tadbir va konsert dasturini o‘tkazish rejalashtirildi.
Bu tadbir Buxoro ahli va mehmonlariga Ozarbayjonning boy milliy madaniyati, musiqasi, san’ati, adabiyoti va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Tadbirlar doirasida Yusuf Qorabog‘iyning ilmiy-ma’rifiy merosiga bag‘ishlangan konferensiya tashkil etish ham rejalashtirilmoqda.
Konferensiyada olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va yosh izlanuvchilar ishtirokida Yusuf Qorabog‘iyning falsafiy qarashlari, ilmiy merosi va Sharq tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr almashiladi.
Eng muhimi, shu kunlarda Buxoro davlat universitetida Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bugun Buxoroda barpo etilayotgan bu madaniy ko‘prik ertaga Buxoro va Ozarbayjon yoshlarini, olimlarini, ijodkorlarini va ziyolilarini yanada yaqinlashtirishi mumkin. Zero, haqiqiy do‘stlik chegara bilmaydi — u tarixdan kuch oladi, madaniyat bilan boyiydi va avlodlar qalbida yashaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri