Buxoroda “Nasriddin Afandi” festivali
1-aprel — Butunjahon kulgi kuni
Ko‘hna va boqiy Buxoroda 1-aprel — Butunjahon kulgi kuni munosabati bilan “Nasriddin Afandi” hamda “Sharq taomlari” an’anaviy festivali tantanali ravishda boshlandi.
Ma’lumki, 1-aprel jahon miqyosida kulgi va hazil-mutoyiba kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana insonlar qalbiga quvonch ulashish, ijobiy kayfiyatni mustahkamlash va hayotga yengil nigoh bilan qarashga undashi bilan ahamiyatlidir. Qadimiy Buxoroda ham mazkur bayram o‘ziga xos ruhda nishonlanib, xalqona an’analar va zamonaviy madaniy tadbirlar uyg‘unligida o‘tmoqda.
Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodining yorqin timsoli — Xo‘ja Nasriddin obraziga bag‘ishlangan latifalar, yumoristik chiqishlar va sahna ko‘rinishlari bayramona muhitga yanada fayz bag‘ishladi. Nasriddin Afandi bilan bog‘liq hikoyalar va afsonalar xalqimizning asrlar davomida shakllangan donishmandligi, topqirligi va hayotiy tajribasini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Ularda kulgi bilan birga tarbiyaviy mazmun ham mujassam bo‘lib, yosh avlodni teran fikrlashga undaydi.
Bugungi kunda Buxoro shahri o‘zining boy tarixiy merosi, betakror me’moriy obidalari va zamonaviy qiyofasi bilan uyg‘un rivojlanib bormoqda. Shahar har bir mehmonni ochiq chehra bilan kutib olib, o‘zining noyob muhiti orqali unutilmas taassurotlar uyg‘otmoqda.
Festival doirasida shaharning qadimiy ko‘chalari bo‘ylab milliy karvon yurishi tashkil etildi. Milliy qo‘shiqlar, rang-barang liboslar, xalq qahramonlari timsolini aks ettirgan qo‘g‘irchoqlar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirning ramziy ochilish marosimi Nodir Devonbegi madrasasi hovlisida, Nasriddin Afandi haykali poyida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov so‘zga chiqib, festivalning ahamiyati va uning turizmni rivojlantirishdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi hamda barchani kulgi kuni bilan tabrikladi.
Festival mehmonlari uchun musiqali chiqishlar, sahnaviy ko‘rinishlar va turli ijodiy dasturlar namoyish etildi. Xorijiy sayyohlar ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Ular o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, samimiyligi va kulgisevarligini alohida ta’kidlashdi.
Shu bilan birga, “Sharq taomlari” festivali mehmonlarga milliy oshxonamizning lazzatli taomlarini tatib ko‘rish imkonini bermoqda. Osh, somsa, shirinliklar va boshqa an’anaviy ne’matlar bayramga yanada fayz qo‘shdi.
[gallery-28496]
Mazkur festival Buxoroning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng namoyish etish, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu bois, ushbu bayram nafaqat ko‘ngilochar tadbir, balki jamiyatda ijobiy muhitni mustahkamlovchi, insonlarni birlashtiruvchi muhim madaniy voqea sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Festival kun davomida davom etib, uning doirasida turli guruhlarning komik chiqishlari, konsert dasturlari va “Sharq taomlari” tanlovi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.