Buxoroda ichimlik suvining sifati qanday?
“Buxoro suv ta’minoti” MCHJ “Buxoro viloyatida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha tasdiqlangan yangi tariflar hamda istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazdi.
“Buxoro suv ta’minoti” MCHJ tomonidan yiliga 41 million tonna ichimlik suvi ishlab chiqarilmoqda.
Oxirgi 6 yilda Buxoro viloyatida Jahon banki kreditlari hisobidan Qorako‘l va Olot tumanlari aholisi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qiymati 139 million dollar hamda Buxoro va Kogon shaharlari oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 55 million dollar bo‘lgan loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti 51 foizdan 73,1 foizga, oqova xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi 9,2 foizdan 16 foizga oshirildi.
Mazkur loyihalarning uzviy davomi sifatida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida jami qiymati 633,5 million dollar bo‘lgan “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha amalga oshirilganidan so‘ng aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 95 foizga, oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish 40 foizga yetadi.
Loyihasi doirasida 89 ta maxsus texnika va mashina- mexanizm xarid qilinadi.
Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi tomonidan 2023 yil 29 dekabrda Buxoro viloyatida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar (narxlar) tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2024 yilning 15 yanvaridan Buxoro viloyatida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlar bo‘yicha belgilangan yangi tariflar amalda qo‘llanilmoqda.
So‘nggi paytlarda Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi sifati haqida turli gap-so‘zlar ko‘paymoqda. Ana shunday mish-mishlarning oldini olish, Buxoro shahriga uzatilayotgan ichimlik suvining qay darajada sifatli tozalanayotgani va ishonchliligini aholiga ochiq ko‘rsatish maqsadida matbuot anjumanidan so‘ng, “Shoxrud” suv tozalash va uzatish inshootiga press-tur uyushtirildi.
“Shoxrud” suv tozalash va uzatish inshooti quvvati sutkasiga 100 ming kub suvni tozalaydi. 1964 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 2003-2010 yillarda Ispaniya davlati va Jahon banki kreditlari hisobiga qayta ta’mirlangandan so‘ng suv tozalash quvvati sutkasiga 130 ming kubga yetkazilgan.
Zamonaviy va jahon talablariga javob beradigan nasoslar, xlor ishlab chiqish bo‘yicha elektroliz qurilmasi, reagent xo‘jaligi, laboratoriya asbob- uskunalari, 2 ta 30 ming kublik suv tindirgich havzalari va filtrlash binolari qayta ta’mirlandi.
[gallery-15568]
“Shoxrud” suv tozalash va uzatish inshootida suvni zararsizlantirish ishlari 7 foizli gipoxlorit natriy eritmasi yordamida bajariladi. Xlorlash binosida Germaniyada ishlab chiqarilgan “Grundfoss Alldos” kompaniyasining uskunasida oddiy osh tuzidan elektroliz usuli bilan gipoxlorid natriy eritmasi hosil qilinib, ichimlik suvini zararsizlantirishda foydalaniladi. Ushbu elektroliz uskunasining quvvati 20 kg/soat aktiv xlor ishlab chiqadi. Suvdagi xlor qoldig‘ini aniqlash, zararsizlantirish ob’ektning o‘zida amalga oshiriladi. Eng muhimi, hamma jarayonlar kompyuter orqali boshqariladi.
Tadbir ishtirokchilari suvni tozalash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi va o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan javoblar oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari