Buxoroda hamma ish yolg‘on bilan boshlanmoqdami?
Odamlar nega mutasaddilardan norozi bo‘lishadi? Rahbarlarning yolg‘onlaridan to‘yib ketsa, murojaatlariga yetarlicha javob olmasa, yaxshi yashash uchun qilgan harakatlari sarobga aylanaversa...
Buxoroda ham ayni paytda xuddi shunday holat — bugun rahbarlar va oddiy xalq orasida tafovvut bor. Axir ishonch bildirilgan rahbarlaring yolg‘on bayonotlar bilan ko‘zbo‘yamachilik qilib tursa, kim ham rozi bo‘lardi bunday rahbarlardan?!
Buxoro viloyati Kogon shahrida oilaviy shifoxona qurilayotgan edi. Xalqning og‘irini yengil qiladigan bu shifo maskani bundan ikki yil oldin, 2019 yil. "Obod mahalla" Davlat dasturi asosida qurilib foydalanishga topshirilishi kerak edi. Ammo bu "Obod mahalla" ham "oddiy mahalla" dasturidek o‘lda-jo‘lda bo‘lib qoldi. Bunday Davlat dasturi bajarilmaganini, yarim chala tashlab qo‘yilishiga sabab nima ekanini xalq tushunarmidi, buni rahbarlar tushunadi-da... Oddiy odamlar Davlat dasturlari hech bir inkorsiz bajarilishi kerak, rahbarlar bergan va’dalarini, albatta, bajaradi ular yolg‘on gapirmaydi, deb o‘ylab yurishadida, hali ham.
Odamlarga tushuntirilgandek bo‘lindi. "Bu yil ulgurmadik, 2020 yilda tugatamiz bu Davlat dasturini", deyishdi "galustikli" rahbarlar. Oddiy odamlar nima ham derdi. Axir bular "katta odamlar" bo‘yinbog‘lari ham bor, shu xalqning boshida turibdi, biror narsani bilsa kerakda, deb o‘ylashdi-yu, 2020 yilni ham umid bilan kutishdi.
2020 yil ham keldi. Ammo shifoxonaning bitishidan darak bo‘lmadi. Bu orada rahbarlar uchun taqdirning o‘zi yana bir zo‘r bahonani olib chiqdi, Pandemiya boshlanib qoldi. Bu ayrimlarga bahona, oddiy xalqqa esa g‘am tashvish olib keldi. Oddiy xalq "agar shifoxonamiz bitganida shu yerda davolanardik, sarson sargardon bo‘lib yurmas edik", deya o‘ksindi. Ammo mana 2020 yilda ham bu shifoxona bitmadi. Aholi esa yolg‘onlardan, subutsizlikdan to‘ydi. "Balki umidimizni erkin matbuot, OAV amalga oshirishga yordam berar", degan xayol bilan televideniyega, axborot agentliklariga xat yoza boshladi.
Respublikaning bosh axborot agentligida bir quloch material chiqdi. O‘zbekistonning eng ishongan axborot manbasi “O‘zbekiston 24” kanalida voqealar tanqidiy ochib berildi. Xalqning ahvoli va bitmayotgan kasalxona ko‘rsatildi.
Keyin nima bo‘ldi, dersiz? Buxorolik rahbarlar ham anoyi emas. Buncha ishonchli manbalarga "Ishonchli munosabatini" bildirdi. Qurilish tez kunda yakuniga yetadi, mazmunidagi bir quloch "RASMIY" tamg‘asi bosilgan bayonot berib yuborishdi. To‘g‘rida ulardan nima ketdi, "ovozi o‘chsa bo‘ldi, shu O‘zA bilan “O‘zbekiston 24”ning deyishgan ko‘rinadi.
Buxorodagi mutasaddi rahbarlarning "hamma ishlar joyida, hech bir muammo yo‘q", degan rasmiy bayonotlari tarqaldi.
Ammo bu sodda xalq ko‘rib turibdi-da, hech bir ish qilinmaganini...
Yil tugashiga esa 10 kun vaqt qoldi...
Zarif Komilov, O‘zA