Buxoroda gullar festivali
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati Kengashi tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Gullar” festivali o‘tkazildi. Tadbirda tarmoqlar kesimidagi kasaba uyushma tashkilotlari ishchi-xodimlari, ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, seleksionerlar, havaskor gulchilar, 1000 ga yaqin gulchilik sohasiga qiziqqan tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.
–Festival doirasidagi tanlov tarmoqlar kesimidagi kasaba uyushma tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazildi, – deydi viloyat Kengashi madaniy ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mutaxassisi Abera Imomova. – Festivalga tashkiliy-huquqiy shakli va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Baholash mezonlari gul turlarining noyobligi, xilma-xilligi, ularning soni, gul turlari to‘g‘risida ma’lumot mavjudligi, vizual tashviqot, dekorativ texnikaning ifodaliligi va yaxlitligi, gullarni o‘stirish hamda saqlash texnologiyasiga amal qilinishi bo‘yicha to‘plagan ballari asosida 1,2,3-o‘rin egalari aniqlandi. Shuningdek, tanlov ishtirokchilari “Eng faol tuman (shahar) tarmoq kasaba uyushmasi tashkiloti”, “Eng faol boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti”, “Eng yaxshi gul kompozitsiyasi”, “Eng yaxshi gulchi texnolog”, “Eng chiroyli dekoratsiya”, “Noyob gullar egasi”, “Gullar festivalini tashkil etishdagi hamkorlik uchun”, “Gullar festivalini OAV orqali yoritishdagi hamkorlik uchun”, “Eng yaxshi gulchilik maktabi gulchisi” nominatsiyalari bo‘yicha ham taqdirlandi.
[gallery-12078]
Tadbir Prezidentimizning 2021 yil 4 avgustdagi “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida” gi qarori asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi ijrosi doirasida o‘tkazildi. Bu viloyatda gulchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash, aholi o‘rtasida gulchilik san’atini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA