Buxoroda gaz-kimyo majmuasi quriladi
“JIZZAKH PETROLEUM” MCHJ qo‘shma korxonasi mutaxassislari tomonidan Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida kimyo-gaz majmuasi qurilishining viloyat iqtisodiyotidagi ahamiyati masalalari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova ham qatnashdi.
Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida kimyo-gaz majmuasi qurilishi ishlari boshlanish arafasida. Jumladan, korxona faoliyati uchun jami 250 gektar yer maydoni Qorako‘l tumani, O‘tiq-Do‘rman qishlog‘idan, shuningdek, “Olot – Buxoro” temir yo‘lining sharqidagi Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan ajratilgan. Bunda gaz-kimyo ishlab chiqarish korxonasi faoliyatining muvofiqligini tasdiqlash maqsadida viloyat Yer resurslari va davlat kadastri, Sog‘liqni saqlash, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi hududiy boshqarmalari, ekspert-mutaxassislar xulosalari olingan. Unda gaz-kimyo kompleksi qurilishi uchun tanlangan yer maydoni va uning muhofaza zonasida qurilish uchun ta’sir etuvchi biror ob’ekt mavjud emasligi o‘z isbotini topgan.
[gallery-9004]
– Yiliga tabiiy gazni qayta ishlab, undan 700 ming tonnadan ortiq polimer mahsulotlari olinadi, – deydi Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova. – Natijada mingdan ortiq mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Gaz-kimyo korxonasining hademay boshlanadigan qurilishiga 8 ming nafar quruvchi-mutaxassis jalb qilish ko‘zda tutilgan. Mazkur korxona umumiy qiymati 2,7 milliard AQSH dollari miqdorida baholangan.
Muzokarada nafaqat Olot va Qorako‘l tumanlari, balki viloyat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega majmua qurilishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar atroflicha o‘rganildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA