Buxoroda g‘alla o‘rimi boshlandi
Har yilgi an’anaga muvofiq g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi boshlanishi oldidan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar Bahouddin Naqshband ziyoratgohida jam bo‘ldi.
Tadbir avvalida Qur’on tilovat qilinib, bobodehqonlarga kuch-quvvat, yurtimizda mo‘l-ko‘lchilik, to‘kin-sochinlik barqaror bo‘lishini tilab duo qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalarni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bugun o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Ayni jarayonda Buxoro viloyatida ham zamonaviy mezonlar asosida bug‘doy navlarini yangilash, agrotexnik tadbirlar jarayoniga qishloq xo‘jaligi olimlarini keng jalb etish, fermer xo‘jaliklari moddiy manfaatdorligini oshirib borishga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga el-yurt dasturxonini nondek aziz ne’mat bilan to‘kin qilishga munosib hissa qo‘shayotgan barcha g‘allakorlar, mavjud klasterlar, xizmat ko‘rsatuvchi korxona-tashkilotlar jamoalarini dalalardagi hosilni o‘rib-yanchish jarayonini faol tashkil etishga chaqirdi.

Hosilni qisqa fursatlarda nobud qilmay o‘rib-yig‘ib olish maqsadida barcha zarur harakatlar amalga oshirildi. Xususan, joriy yilgi terim mavsumiga jami 185 ta kombayn va 910 ta avtotransport vositalari jalb qilingan. Mavsum davomida kombayn haydovchilariga yetarli sharoit yaratib berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy rag‘batlantirish masalalari ham e’tiborga olingan. Shundan kelib chiqib, o‘rim-yig‘imni 24 soatlik rejim asosida amalga oshirish talabi qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, bu yil Buxoro viloyatida jami 77 ming gektar yerda g‘alla yetishtirilgan bo‘lsa, davlat shartnoma rejasi 162,9 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 16.1 ming tonnasi — urug‘lik don. Viloyatda bevosita g‘allachilikka ixtisoslashgan 3 ming 38 ta fermer xo‘jaligi bilan mavsum oldidan tuzilgan davlat shartnoma rejalariga muvofiq agrotexnik tadbirlar talab darajasida olib borildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri