Buxoroda fransuz pianisti Kristin Fonlyupt ishtirokida musiqiy dastur namoyish etildi
FOTOREPORTAJ
Shu kunlarda Buxoro shahrida Fransiya madaniyati oyligi doirasida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-31793]
Navbatdagi musiqiy dastur qadimiy Poyi Kalon majmuasida taniqli fransuz pianisti Kristin Fonlyupt ishtirokida tashkil etildi. Unda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk, madaniyat va san’at sohasi vakillari, xorijiy mehmonlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda san’at va madaniyatning muhim o‘rni ta’kidlandi.
Konsert dasturidan jahon mumtoz musiqasi namunalari o‘rin oldi. Kristin Fonlyupt tomonidan ijro etilgan fortepiano asarlari tadbir ishtirokchilariga yuqori kayfiyat va unutilmas taassurot bag‘ishladi.
Tarixiy Poyi Kalon majmuasida yangragan nafis musiqa qadimiy shahar muhiti bilan uyg‘unlashib, madaniy kechaga o‘ziga xos joziba bag‘ishladi.
Fransiya madaniyati oyligi doirasida Buxoro shahrida yana bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunday tashabbuslar Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, ijodkorlar va san’at namoyandalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston–Fransiya madaniy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA