Buxoroda Fransiya madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda
Poyi Kalonda yangragan musiqa va Sitorai Mohi-Xosadagi ranglar — ikki madaniyat muloqoti. Ba’zan san’at haqida so‘zlash uchun so‘zning o‘zi kamlik qiladi. Chunki haqiqiy musiqa qalbga tarjima vositasisiz yetib boradi, haqiqiy rassomlik esa bir qarashda insonni boshqa bir olamga olib kiradi. Buxoro — ana shunday muloqotlar uchun yaratilgandek. Asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy ko‘prik vazifasini o‘tab kelgan bu qadimiy shahar bugun ham turli xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ezgu muloqot manzili bo‘lib qolmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda milliy madaniyat va san’atni yuksaltirish, tarixiy merosni asrab-avaylash, dunyo xalqlari bilan madaniy aloqalarni kengaytirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor bu jarayonga yangi mazmun bag‘ishlamoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan madaniyat diplomatiyasini rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, O‘zbekistonning boy ma’naviy merosini jahonga keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Buxoroda o‘tkazilayotgan Fransiya madaniyati kunlari esa ushbu siyosatning hayotiy va ta’sirchan ifodalaridan biri bo‘ldi. Ayniqsa, Buxoroning betakror me’moriy ansambllari jamlangan Poyi Kalon maydonida taniqli fransuz pianisti Kristin Fonlyuptning konserti o‘tkazilgani madaniy hayotimizda alohida voqea bo‘ldi.


Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ualid Fuk, madaniyat va san’at namoyandalari, xorijiy mehmonlar, ijodkorlar, jurnalistlar hamda Buxoro ahli ishtirok etdi.
Poyi Kalonning muhtasham minorasi va madrasalari bag‘rida yangragan fortepiano sadolari go‘yo asrlar osha davom etayotgan bir suhbatga aylandi. Bu suhbatda bir tomonda — qadimiy Buxoro, uning ming yillik tarixi, Sharq me’morchiligi va ma’naviy merosi; ikkinchi tomonda esa — Yevropa mumtoz musiqasi, fransuz ijro maktabi va zamonaviy san’at nafasi bor edi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov tadbir avvalida so‘zga chiqib, Poyi Kalon maydonida yangraydigan har bir kuy nafaqat san’at asari, balki turli davr va madaniyatlarni bog‘laydigan o‘ziga xos muloqot vositasi ekanini ta’kidladi. Darhaqiqat, o‘sha oqshom musiqa shunchaki tinglanmadi — u his qilindi. Fortepianoning har bir tovushi qadimiy g‘isht devorlarga urilib, yana qalblarga qaytgandek bo‘ldi. Mumtoz asarlar sadosi ostida Poyi Kalon yana bir bor Sharq va G‘arbning uchrashuv nuqtasiga aylandi. Kristin Fonlyuptning yuksak ijro mahorati, musiqiy asarlarga o‘ziga xos talqini tomoshabinlarga mumtoz fortepiano san’atining nozik va betakror olamini his etish imkonini berdi.
Fransiya elchisi Ualid Fuk ham madaniy almashinuvlar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, do‘stlik va hurmatni mustahkamlashda beqiyos ahamiyat kasb etishini qayd etdi.


Agar Poyi Kalonda Fransiya madaniyatining ovozi yangragan bo‘lsa, Sitorai Mohi-Xosada uning ranglari namoyon bo‘ldi. Fransiya madaniyati kunlari doirasida tarixiy saroyda “Provans va impressionizm nuri ostida” nomli san’at ko‘rgazmasining ochilishi ham o‘ziga xos madaniy voqeaga aylandi. Ko‘rgazmada Fransiyaning janubidagi Provans mintaqasining betakror tabiati, quyoshli manzaralari, ranglar uyg‘unligi va impressionizmga xos nozik kayfiyatlar o‘z aksini topgan.
Ko‘rgazma muallifi Diana Xamzina o‘z ijodiy izlanishlarida Provans tabiatining nurini, uning ranglarini, lahzalarini va inson his-tuyg‘ularini tasvirlashga intiladi. Ammo bu asarlarning Buxorodagi namoyishiga yana bir ma’no qo‘shildi. Chunki Provansning quyoshli manzaralari bilan Buxoroning oltin tusga kirgan devorlari, fransuz impressionizmidagi nur bilan Sitorai Mohi-Xosaning sharqona nafosati bir makonda uchrashdi. Bu oddiy ko‘rgazma emas, go‘yo ikki makonning ikki xil nuri suhbati edi.


Tadbirlarda so‘zga chiqqan Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ualid Fuk O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, madaniyat va san’at sohasidagi aloqalar ikki xalqni yanada yaqinlashtirib, mamlakatlarning boy tarixiy va ma’naviy merosini o‘zaro namoyon etish uchun keng imkoniyat yaratayotgani qayd etildi. Darhaqiqat, diplomatiyaning hamma gapni so‘z bilan aytish shart bo‘lmagan bir tili bor. Bu — san’at tili. Bir millatning musiqasini boshqa millat vakili eshitib, uni tushunishi uchun tarjimon shart emas. Rassomning his-tuyg‘usini anglash uchun ham lug‘at kerak bo‘lmaydi. Shu bois Buxoroda o‘tkazilgan Fransiya madaniyati kunlari ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada boyitgan muhim qadam bo‘ldi. Buxoroning bu tadbirlar uchun tanlangani ham bejiz emas. Asrlar davomida Buxoro ilm-fan, ma’rifat, adabiyot, san’at va hunarmandchilik markazi sifatida Sharq tamadduniga ulkan hissa qo‘shib kelgan. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan shahar sifatida u turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotlarning tabiiy maydoni bo‘lgan. Bugun esa bu an’ana zamonaviy mazmunda davom etmoqda.


Poyi Kalonda fransuz pianistining musiqasi yangraydi. Sitorai Mohi-Xosada Provans manzaralari namoyon bo‘ladi. Buxorolik tomoshabin fransuz san’atini kashf etadi. Fransuz mehmonlari esa Buxoroning asrlar bilan tengdosh muhitida Sharq madaniyatining betakror jozibasini his etadi. Mana shuning o‘zi madaniy diplomatiyaning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biridir.
Fransiya madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlarda san’at va madaniyat namoyandalari, ijodkorlar, sayyohlar, jamoatchilik va san’at ixlosmandlarining ishtirok etgani ham ushbu tashabbusga bo‘lgan qiziqish yuksak ekanini ko‘rsatadi. Bu tadbirlar nafaqat fransuz san’atining o‘ziga xos qirralarini Buxoro ahliga tanishtiradi, balki ijodkorlar o‘rtasida muloqot va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Eng muhimi, bunday madaniy uchrashuvlar insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Zero, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik faqat rasmiy hujjatlar yoki kelishuvlar bilan emas, inson qalbidagi hurmat va ishonch bilan mustahkamlanadi.
Buxoroda Fransiya madaniyati namoyishi joriy yilning 31-oktabr kunigacha davom etadi. Oylik doirasida turli madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Tadbirlar dasturidan Fransiya san’ati va madaniyatining turli yo‘nalishlarini namoyish etuvchi ko‘rgazmalar, konsert dasturlari, raqs chiqishlari hamda kino namoyishlari o‘rin olgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri