Buxoroda ezgu loyiha boshlandi
Buxoroda “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman!” shiori ostida oʻtkazilayotgan dolzarb uch oylikka qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Buxoroda “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman!” shiori ostida oʻtkazilayotgan dolzarb uch oylikka qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
– Joriy yilning iyun-avgust oylarida butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Buxoro viloyatining barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari boʻylab “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman!” shiori ostida tadbirlar amalga oshiriladi – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Dilfuza Mustafoyeva. –Loyihaning asosiy maqsadi mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarning uy-joylari oʻrganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish, “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida “Obod xonadon” aksiyasi doirasida taʼmirlash, oqlash ishlarini amalga oshirishdan iborat. Mazkur tadbir ijrosini taʼminlash borasida viloyat boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Guruh aʼzolariga vazifalar taqsimoti belgilab berildi. Boshqarmada shtab tashkil etildi.
Shuningdek, viloyatning tuman, shaharlarida hokim oʻrinbosarlari boshchiligida shtablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Viloyat boshqarmasidan 14 nafar xodimlar har bir tuman shaharlarga biriktirildi.
Shtab aʼzolari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilishi natijasida 544 ta mahallada “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida xonadonlarda amalga oshiriladigan harakatlar rejasi ishlab chiqildi. Mahallalardagi xonadonlar va koʻchalarni obod hamda koʻrkam qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi asosida ishlar boshlandi.
Mazkur loyihani keng aholi orasida targʻibot qilish maqsadida harakatlar rejasi ishlab chiqildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida mazmun-mohiyatini yoritish boʻyicha media-reja loyihasi tayyorlandi. Ishchi guruhi tomonidan loyiha doirasida “Obod mahalla”, “Obod koʻcha”, “Obod xonadon” mezonlari ishlab chiqilib, hududlarga yetkazildi. Respublika Ishchi guruhi tomonidan Buxoro shahar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimida tashkil etilgan shtab faoliyati oʻrganildi va shtab aʼzolari hamda xodimlari uchun seminar tashkil etilib, tegishli tavsiyalar berildi.
– Loyiha doirasida uyimizda taʼmirlash ishlari olib borildi, –deydi Kogon tumani B.Naqshband MFY hududida istiqomat qiluvchi Sabohat X.Yu. – B.Naqshband MFYda 2020-yilning aprel oyidan buyon jamoatchilik asosida ishchi boʻlib ishlab kelyapman. Oilamizda 2 nafar opam 1- va akam 2-guruh nogironi hisoblanadi. Ishchi guruhi tomonidan oʻrganishlar natijasida oilamizni kam taʼminlanganlar toifasiga kiritishdi. Davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar, kambagʻalchilikni kamaytirish boʻyicha tizimdan xabardorman. Quvonarlisi, bizning yurtda hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasligiga mana bugun amin boʻlib turibman.
B.Naqshband MFY hududida istiqomat qiluvchi Orzigul X. ham 3 nafar farzandi bilan boquvchisini yoʻqotgan. Ayni paytda Buxoro shahar poliklinikasida farrosh boʻlib ishlaydi. Oʻgʻillari Munis va Mirfayz ayni paytda ishsiz. Ishchi guruhi tomonidan mazkur oilaga subsidiya asosida 1 sotixli issiqxona qurib berish rejalashtirildi.
Tumandagi Choloki MFYda yashovchi Qosim F. qaramogʻida 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Ayni kunda Qosim aka Buxoro shahar meʼmoriy yodgorlik korxonasida tosh kesuvchi boʻlib ishlamoqda. Turmush oʻrtogʻi N. uy bekasi. Mazkur oila ham ishchi guruhi tomonidan kam taʼminlangan oilalar tarkibiga kiritilgan. “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” loyihasi doirasida oila uyining tom qismi homiylar koʻmagida taʼmirlab berildi.
Loyihani viloyatda amalga oshirish uchun respublikadan biriktirilgan vakillar Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshligʻi G.Marufova, vazirlik bosh mutaxassisi J.Nazarovlar Romitan tumani Bogʻiturkon, Kogon shahar Xoʻjabargi mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarning uy-joylarida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi. Mavjud muammolar yuzasidan tuman boʻlimi tashabbusi bilan “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida “Obod xonadon” aksiyasi doirasida taʼmirlash, oqlash ishlarida koʻmaklashildi.