Buxoroda baholash imtihonlari boshlandi
Prezident ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalarini umumta’lim maktablariga joriy qilish maqsadida 2023-2024 o‘quv yilidan Buxoro viloyatida ham 28 ta umumta’lim maktabi tanlanib, ularda yangi baholash tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazilgandi.
Jarayonlarga 5-11-sinf o‘quvchilari jalb etilib, Prezident va ixtisoslashgan maktablar “tayanch maktab” sifatida biriktirildi. Mazkur baholash tizimining amaldagisidan farqi, u o‘quvchining bilimini ob’ektiv baholash hamda to‘g‘ri yo‘naltirishga zamin yaratadi.

Bir yil mobaynida olib borilgan jarayonlar natijasida o‘quvchilarning o‘zlashtirishi sezilarli darajada oshdi. Tajriba-sinov jarayonlari mobaynida nafaqat o‘quvchilar va o‘qituvchilarda, balki ota-onalarda ham mas’ullik hissi kuzatildi. Bu maktab va oilaning bir maqsad yo‘lida birlashishiga xizmat qilmoqda.

Joriy o‘quv yilida yana 126 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etilib, bunday maktablar soni 154 taga yetkazildi. Ayni paytda mazkur maktablarda choraklik summativ baholash (CHSB) imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.