Buxoroda “Bag‘rikenglik haftaligi” boshlandi
Buxoroda 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan “Bag‘rikenglik haftaligi” ni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda viloyat hokimligi mas’ullari, milliy madaniy markazlar va nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar qatnashdi.
Buxoro shahridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va Do‘stlik uyida o‘tkazilgan anjumanda viloyat hokimi o‘rinbosarlari Erkin Majidov va Botir Shahriyorovlar yig‘ilganlarga haftalik davomida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, butun dunyoda BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq, 1997 yildan buyon 16 noyabr kuni “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi.

Prezidentimizning 2019 yil 15 noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida yurtimizda har yili 16 noyabr –Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston – ko‘p millatli mamlakat. “Bag‘rikenglik haftaligi” ni o‘tkazishdan maqsad 130 dan ortiq millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash hamda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishdan iborat.

Haftalik doirasida viloyatning barcha hududlarida “O‘zbekiston –bag‘rikeng diyor” shiori ostida madaniy-marifiy tadbirlar, jumladan, “Do‘stlikni tarannum etgan yurt” hujjatli filmining taqdimoti o‘tkaziladi. Turli millat vakillari bilan birgalikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Do‘stlik bog‘i”ni tashkil etish va turli millatlar vakillari ishtirokida “Do‘stlik uchun” daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish, “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz” mavzusida ilmiy-amaliy va madaniy-ma’rifiy tadbirlar, viloyatdagi milliy madaniy markazlar faollari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etiladi. “Bag‘rikenglik – millatlararo va dinlararo munosabatlarda inson huquqlariga rioya etishning asosiy tamoyili” mavzusida ilmiy maqolalar tanlovini tashkil etish va o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
“Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida tashkil etiladigan tadbirlar aholi, ayniqsa, yosh avlodni, viloyatda faoliyat olib borayotgan 10 ta noislomiy tashkilot, 11 ta milliy madaniy markaz vakillari va 35 dan ortiq turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mazkur tadbirlar Buxoro viloyati hokimligi, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab- quvvatlash bo‘yicha jamoat fondi, viloyat madaniyat, xalq ta’limi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi boshqarmalari, ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat boshqarmasi, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari hamda manfaatdor korxona va tashkilotlar hamkorligida tashkil etiladi.
16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida 15-21 noyabr kunlari o‘tkaziladi.

Matbuot anjumani doirasida soha mas’ullari OAV vakillarining savollariga javob berdi.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar, milliy madaniy markazlar vakillari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Buxoro shahridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va Do‘stlik uyi bog‘ida manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA