Buxoroda an’anaviy qovun sayli
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan joriy yilning 4 - 6 avgust kunlari “Ko‘hna va boqiy Buxoro” madaniy markazi hududida XXVI an’anaviy qovun sayli o‘tkazildi.
Buxoroning turistik va boshqa imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, poliz mahsulotlari yetishtirish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlar, dehqonlar va olimlar faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan sayil uch kun davom etdi. Unda aholiga arzon qovun mahsulotlari taqdim etildi.
Yurtimiz, xususan, Buxoro dehqonchiligi, uning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan polizchiligi uzoq tarixga ega. So‘nggi yillarda polizchilik ham rivojlanmoqda. “Qovun sayli” esa dehqonlar erishayotgan yutuqlarning o‘ziga xos taqdimotiga aylandi.
[gallery-13032]
“Buxoroning tabarruk zamini saxovati” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘rgazmada viloyatdagi 11 tumandagi o‘nta klaster, 2910 fermer hamda 3500 nafar tomorqachilar tomonidan “Ko‘kcha”, “Amiri”, “Novvoti”, “Bo‘rikalla”, “Kampirchopon”, “Dahbedi”, “Sherozi”, “Toshloqi”, “Gulobi”, “Barginay” kabi o‘ttizga yaqin navga tegishli 2 ming tonnaga yaqin qovun, shuningdek, parhezbop tarvuzlar taqdim etildi.
Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, asalchilik mahsulotlari savdosi ham tashkil qilindi.
Tantanali tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qatnashdi. Mirishkor dehqonlar va polizkor fermerlarni o‘ziga xos hosil bayrami bilan qutladi. Viloyat san’at ustalari, folklor jamoalari ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA