Buxoro — Yangi O‘zbekiston bunyodkorligi va taraqqiyoti markazlaridan biri
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida Yangi O‘zbekiston g‘oyalari asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik va shaharsozlik ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar hudud infratuzilmasini tubdan yangilash, tarixiy merosni asrab-avaylash hamda zamonaviylik va an’anaviy me’morchilik uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Asrlar davomida Sharq tamaddunining yirik markazlaridan biri bo‘lib kelgan Buxoro bugun ham o‘zining boy tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari va betakror me’moriy yodgorliklari bilan dunyo e’tiborida. Poi Kalon majmuasi, Ark qal’asi va Labi Hovuz ansambli kabi tarixiy obidalar zamonaviy shahar qiyofasi bilan uyg‘un tarzda saqlanib, qayta tiklanib bormoqda.
Viloyatda shaharsozlik yo‘nalishida yangi turar-joy massivlari barpo etilmoqda, zamonaviy yo‘l-transport infratuzilmasi kengaytirilmoqda, ijtimoiy soha ob’ektlari qurilmoqda. Bu jarayonda tarixiy qiyofani saqlash va me’moriy merosni ehtiyotkorlik bilan restavratsiya qilishga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Natijada, qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan yangi shahar muhiti shakllanmoqda.
[gallery-29245]
Hududda turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar ham izchil davom etyapti. Zamonaviy mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va madaniy hordiq maskanlari faol barpo etilmoqda. Bu esa mahalliy hamda xorijiy sayyohlar uchun yanada qulay sharoit yaratmoqda. Ta’kidlash joiz, 2026-yilning I choragida Buxoroga 2 million 137 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar o‘sgan.
Bunday keng ko‘lamli islohotlar aholining turmush darajasini oshirish, farovonligini ta’minlash hamda kelajak avlod uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA