Buxoro viloyatida 3 ming tonna pilla yetishtiriladi
Buxoro viloyatida 2021 yilda 42 ming 36 quti ipak qurti boqilib 2 ming 400 tonna pilla xirmoni yaratildi. Bu respublikada birinchi o‘rinda qayd etildi. Joriy mavsumda o‘tgan yildan mo‘l, ya’ni 3 ming tonna “kumush tola” yetishtirish rajalashtirilgan.
Buning uchun tumanlarda jami 1 ming 900 dan ortiq fermer xo‘jaligi yoki 40 mingga yaqin pillaboqar oilaviy zvenolarga umumiy miqdori 44 ming 189 quti ipak qurti, har kilogrammiga 500 ming so‘mdan bo‘nak puli bilan birga tarqatilmoqda. Buning uchun tijorat banklari tomonidan birgina ipak qurti urug‘ini tarqatish jarayonida 22 milliard 94 million so‘m bo‘nak puli kasanachi oilaviy zvenolarga yetkazilmoqda. Bu ishga “Mikrokreditbank”, “Qishloqqurilishbank”, “Kapitalbank”, “Agrobank” viloyat filiallari mas’ul qilib biriktirilgan.

Tumanlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, joriy yilda Jondor tumanida 6 ming 125 qutidan 350 tonna, Vobkent tumanida 5 ming 42 qutidan 287 tonna, Qorako‘l tumanida 4 ming 812 qutidan 274 tonna, Romitan tumanida 3 ming 684 qutidan 210 tonna, Buxoro tumanida 3 ming 641 qutidan 208 tonna, Kogon tumanida 2 ming 718 qutidan 155 tonna, Peshku tumanida 2 ming 795 qutidan 159 tonna, Shofirkon tumanida 3 ming 524 qutidan 201 tonna, G‘ijduvon tumanida 8 ming 324 qutidan 474 tonna, Olot tumanida 3 ming 524 qutidan 201 tonna pillp yetishtirish rejalashtirilgan.

Hududlarda ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadi barqarorligini saqlash maqsadida tarqatiladigan ipak qurti har yilgi rejadagidan 55 foizga, ya’ni 2 ming qutiga oshirilgani zamirida aholining moddiy manfaatdorligi yotibdi.
Vobkent tumanida 5 ming 43 quti ipak qurti parvarishlanadi. 287 tonna hosil olinishi ko‘zda tutilgan. Shunda hosildorlik o‘rtacha 56 kilogrammdan to‘g‘ri keladi. Tumandagi mavjud 13 ta inkubatoriyada xorijdan keltirilgan qurt urug‘lari belgilangan me’yor asosida jonlantirildi. E’tiborli tomoni, bu urug‘ sifatli bo‘lib, qo‘l mehnati kamayadi. Barg tejamkorligi ta’minlanadi, har qanday ob-havo sharoitiga tez moslashib, yuqori hosil beradi. Shu kunlarda 288 ta fermer xo‘jaligidagi 3 ming 100 nafar, shuningdek, 700 ta xonadondagi kasanachiga ipak qurti urug‘lari tarqatilmoqda.
Ma’lumki, kasanachilarning jismoniy shaxslarga hisoblanadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi, shuningdek, pilla boquvchilar va kasanachilarning mavsum davrida bajargan ishlari ularga pensiya ta’minlashda bir yillik ish staji deb hisoblanishi katta imtiyoz bo‘ldi. Bu imtiyoz, albatta, pillachilikni rivojlantirishda muhim omil hisoblanib, ko‘zlangan natijalarga erishilmoqda. Ozuqa bazasi pillachilikda muhim ahamiyatga ega. Shu bois tumanda bunga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda 875 mingga yaqin tut ko‘chatlari o‘tqazilgan bo‘lsa, “Yashil makon” aksiyasi doirasida joriy yilda 1 millionga yaqin tut daraxtlari o‘tqazildi.
Zarif Komilov,
O‘zA