Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qorovulbozor tumanidagi “Ark eko tekstil klaster” MCHJ tomonidan Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan “FM WORLD” rusumli paxta terish mashinasi xarid qilindi.
Mazkur terim mashinasi bir vaqtning o‘zida 4 qator paxtani terish imkoniyatiga ega bo‘lib, 76x90 sxemadagi paxtani ham qiyinchiliklarsiz tera oladi. Mashina bir kunda 40 tonnagacha paxta hosilini yig‘ib olish imkoniga ega. Eng muhimi, an’anaviy terim mashinalaridan farqli ravishda paxtani toza va sifatli tarzda teradi. Agrar sohaga keng targ‘ib qilinayotgan klaster tizimining ajralmas bo‘lagi sifatida qaralayotgan bu terim mashinalarining viloyatga keltirilishi paxta terishda qo‘l mehnatidan voz kechish yo‘lida qo‘yilgan katta qadamlardan biridir.
Joriy yilda qorovulbozorlik dehqonlar mavjud 4 ming 460 gektar maydonda yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish maqsadida mavsumga tayyorgarlik ishlarini qizg‘in olib bormoqda. Bu yil 2 ta klaster korxonasi hamda 171 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 13 ming 426 tonna qimmatbaho sanoat xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.


***
Olot tumanidagi “Dilkor” mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Feruz Navro‘zov hududning ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratgan faol tadbirkorlardan hisoblanadi.
Feruz Navro‘zov yaqin-yaqingacha ham ishsiz, oilasi ham daromadsiz edi. Qisqa vaqt ichida o‘z hayotini yo‘lga qo‘ydi, mas’ullarning ozgina e’tibori bois o‘z muammolarini hal qildi, taqdirini o‘z kuchi bilan o‘zgartirdi va bugun ish beruvchiga aylandi. Oilaviy korxona tashkil qildi. Ayni paytda tadbirkor tomonidan ushbu hududda qurilish materiallari, xususan, shlakoblok ishlab chiqarish sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda kuniga 500 dona shlakoblok ishlab chiqarib, donasini 5000 so‘mdan sotmoqda.

Feruz Navro‘zov dastlab o‘zi ishsiz bo‘lgan bo‘lsa, Shu tariqa Feruz Navro‘zov tashkil etgan korxona nafaqat o‘z oilaviy daromadini, balki mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy faollikni ham oshirmoqda.
– Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda qat’iyat, harakat va intilish muhim. Bugun men bunga ishonch hosil qildim. Bugungi kunda faoliyatim orqali to‘rt nafar fuqaroni doimiy ish o‘rni bilan ta’minlab, ularning daromad topishiga ham zamin yaratdim, – deydi Feruz Navro‘zov.

***
G‘ijduvon tumani O‘zanon mahallasida yashovchi 17 yoshli Shahlo Ibragimova irodali, bilimga chanqoq va o‘z ustida tinimsiz ishlaydi. Nogironligi bo‘lishiga qaramay, katta marralarni ko‘zlagan, intiluvchan yoshlar qatoridan joy olgan.
U ingliz tiliga qiziqani sabab IELTS imtihonidan 7 ball olgan, milliy sertifikat bo‘yicha esa A darajaga ega. Bu natijalar uning chet tillarini chuqur o‘zlashtirganidan dalolat beradi.

Bu yil Shahlo Buxoro davlat universitetining Xorijiy tillar yo‘nalishiga hujjat topshirdi. Kirish imtihonlariga qatnashda unga “Inson” volontyorlari yaqindan yordam berdi. Uni uyidan olib ketishdi, imtihondan so‘ng kuzatib qo‘yishdi, yo‘l-yo‘riq, tavsiyalar berdi.
Bu kichikdek tuyulgan, ammo muhim qo‘llab-quvvatlash Shahloga katta kuch va ishonch bag‘ishladi.

***
Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Hafiza Artikova, Peshku tumanida joylashgan “Xotin-qizlar ijtimoiy yotoqxona”sidagi ayollarning muammolarini o‘rgandi.
Uchrashuv davomida xotin-qizlarning yashash sharoiti, bandligi, farzandlarining ta’lim olishi, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari hamda boshqa dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar o‘rganildi. Xususan, bandlik, subsidiya, sog‘likni tiklash, uy-joy, oliy ta’lim uchun kontrakt puli, nafaqa tayinlash kabi turli masalalardagi murojaatlar tinglanib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.

Shuningdek, Hafiza Artikova Peshku tuman mutasaddilari, mahalla xotin-qizlar faollari, “Yangibozor” mahalla fuqarolar yig‘ini “yettiligi” bilan ijtimoiy yotoqxonada joylashgan xotin-qizlar bilan ishlash, ularning muammolarini doimiy o‘rganib borish va bartaraf etish choralarini ko‘rish, ijtimoiy ahvolini yaxshilash va jamiyatda o‘z o‘rnini topishda ko‘maklashish xususida suhbatlashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.