Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan energetika ob’ektlarida olib borilayotgan ta’mirlash ishlarida inson hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlar o‘rganilmoqda.
Xususan, Jondor tumanidagi 1412-sonli transformator punktida ta’mirlash ishlarini olib borayotgan brigada tashkiliy va texnik tadbirlarni bajarmasdan, himoya vositalari yetarli bo‘lmagan holda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etmasdan ishlayotganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan brigada ish joyidan chetlashtirildi. Xavfsizlik chora-tadbirlari to‘liq bajarilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilib, uning ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Buxoro viloyati Shofirkon tumani Iskogare mahallasida yashovchi Nargiza Mansurova yaqinda turmush o‘rtog‘idan ajralib, ikki farzandi bilan og‘ir ijtimoiy ahvolda qoldi. Oilaning murakkab sharoiti o‘rganilgach, unga zarur yordam ko‘rsatildi.

Oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi, bu orqali davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Nargiza opaning farzandlari uchun bola nafaqasi tayinlandi, bu esa oilaning kundalik ehtiyojlarini qoplashda muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, kam ta’minlangan oila sifatida Nargizaning ikki nafar farzandi maktabgacha ta’lim muassasasiga imtiyozli ravishda joylashtirildi. Bundan tashqari, mahalliy homiylar jalb qilinib, oilaning asosiy daromad manbaiga aylanishi uchun 1 bosh qoramol olib berildi. Shu bilan birga, homiylar ko‘magida uy-joyi ta’mirlanib, yashash uchun munosib sharoit yaratildi.
* * *
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvanqulov Buxoroda aholiga sifatli ichimlik suvi yetkazib berish va yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Dastlab “Buxoro suv ta’minoti” rahbariyati bilan birgalikda viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Xususan, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki ishtirokida olib borilayotgan “Buxoro viloyatida ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi ishlar muhokama qilindi.

Buxoro va Kogon tumanlaridagi markaziy suv inshootlari barpo etilayotgan “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkidagi qurilish ishlari ham o‘rganildi. Sanoat parkida ichimlik suvi tarmoqlari bo‘yicha olib borilayotgan montaj ishlari ko‘zdan kechirilib, ularni sifatli va o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.