Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyatidagi tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlar aholisi o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. 30-40 kun davomida maishiy gaz ballonlari yetkazilib berilmoqda.
– Ta’kidlash lozim, har bir maishiy gaz balloni iste’molchiga yetkazib berilishidan avval sinovdan o‘tkaziladi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. Filial hisobida 184 047 dona maishiy gaz balloni mavjud bo‘lib, iste’molchilarga vaqtincha foydalanish uchun shartnoma asosida tarqatilgan. Ular Buxoro tumanida joylashgan va Vobkent, Qorako‘l tumanlaridagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida ballonlar sinovdan o‘tkazilib, iste’molchiga yetkazib berilmoqda.
Ushbu sexlar joylarda iste’molchilarning maishiy gaz ballonlaridan foydalanishda xavfsizligini ta’minlash, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda yetkazib berish maqsadida tashkil etilgan. Kuniga har bir sinov sexida o‘rtacha 70-80 dona maishiy gaz ballonlari sinovdan o‘tkazilmoqda.


* * *
Buxoro viloyati “Olot” chegara bojxona postida hujjatlarda qayd etilmagan tovarlar aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, xorijdan import tariqasida kirib kelgan yuklarning rentgen tasviri va bojxona yuk deklaratsiyasida tafovut kuzatilgan. Yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida amalga oshirilgan bojxona ko‘rigi davomida esa, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan 241 dona elektr suv isitkichlari borligi aniqlangan.
Hozirda umumiy qiymati 575 million so‘mni tashkil etuvchi elektr suv isitgichlari, qonuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha saqlovga olingan va holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tegishli tartibda ish olib borilmoqda.


* * *
Har bir ona uchun farzandining salomatligi, kamolidan muhimroq ish yo‘q. Buxoro shahri Piridastgir mahallasida yashovchi Hurmatoy Otamurodovaning uch o‘g‘lida bolalikdan nogironlik mavjud. Katta farzandi muruvvat uyida, ikki o‘g‘li esa umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanmoqda.
Hurmatoy Buxoro shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markaziga bolalarining sog‘lig‘ida muammosi borligi sabab, ularga defektolog va logoped tayinlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Uning oilaviy ahvoli, bolalarining salomatligi markaz xodimlari tomonidan o‘rganildi. Xususan, 2014 yilda tug‘ilgan Sarvar Samandarov 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi maxsus inklyuziv sinfga o‘tkazildi. 2019 yilda tug‘ilgan Nurmuhammad Samandarovga maktabgacha ta’lim tashkilotida defektolog tayinlash choralari ko‘rildi. Shu bilan bir qatorda, Hurmatoyning o‘zi ham 27-maxsus maktab-internatiga ishga joylashdi.
Ayni damda oliy ta’limda defektologiya yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan Hurmatoyning yagona maqsadi sohani chuqur o‘rganib, farzandlari bilan shug‘ullanish, qolaversa, muruvvat uyida tarbiyalanayotgan to‘ng‘ichini ham uyga qaytarishdir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri