Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati Kogon tumani Taraqqiyot mahallasida 3448 nafar aholi istiqomat qiladi va ularning 53 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi.
Mazkur mahallada ijtimoiy xodim Madinabonu Hoshimovaning sa’y-harakati bilan 53 nafar ehtiyojmand aholining 28 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, bandligi ta’minlanib, doimiy daromadga ega bo‘ldi.

Dildora Ochilova va Shuhrat G‘afurov oilasi, ijtimoiy xodim tomonidan “Keys menejment” asosida ahvoli o‘rganildi va ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar rejasi tuzildi.

– Birinchi navbatda er-xotin va ularning farzandi Alibek chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Dildora Ochilova va Shuhrat G‘afurovga nogironlik guruhi belgilandi. Alibek imtiyozli ravishda bog‘chaga joylashtirildi. Dildora opa tikuv korxonasiga, Shuhrat aka esa “Kogon collection” MCHJga yordamchi ishchi lavozimiga ishga joylashtirildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xonadonga isitish tizimi o‘rnatib berildi, – deydi ijtimoiy xodim Madinabonu Hoshimova.
* * *
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan ijobiy ishlar amalga oshirilib, har bir murojaat doimiy e’tiborda bo‘lmoqda.

Ta’kidlash lozim, tizim xodimlari ishtirokida o‘tgan yil hisobida bir qator tumanlarda aholi murojaatlarini o‘rganish hamda hal etish maqsadida sayyor qabullar tashkil etildi. Ularda asosan tabiiy gaz bosimini yaxshilash, hisob-kitob masalasi, energotejamkor gaz jihozlarini o‘rnatish, yangi xonadon egalari esa tabiiy gazga qanday ulanish borasidagi ko‘plab savollar ko‘rib chiqildi.

– O‘tgan 2024 yilda gaz ta’minoti filialiga 4715 ta murojaat kelib tushdi, – deydi filial bo‘lim boshlig‘i Farrux Rajabov. – Ulardan 961 tasi yozma, 1464 tasi esa og‘zaki murojaatlar bo‘lib, elektron murojaatlar 10 ta, ishonch telefonlaridan qabul qilinganlari 763 ta, virtual qabulxona orqali o‘rganilgan muammolar soni esa 1517 tani tashkil etadi.

O‘rganilgan muammolardan 3798 tasi ijobiy hal etilgan, 810 tasi yuzasidan tushuntirishlar berilgan. Hozirda 107 ta muammoni o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri