Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Tabiiy gazdan yashirincha foydalangan xonadon aniqlandi
Buxoro viloyatida qoidabuzarlik va noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida gaz ta’minoti filialining komplayens nazorat tuzilmalari, mahalla iste’molchilari bilan ishlash bo‘limi xodimlari hamda huquq tartibot idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhning navbatdagi tadbiri viloyatning G‘ijduvon tumanida bo‘ldi. Hududning “Saidkent” mahallasi Saidkent qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro E.A. o‘z xonadonidagi issiqxonada tabiiy gazdan yashirincha foydalangan.

Gaz sarfi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 31 mayda imzolangan 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning tegishli bandlari asosida hisob-kitob qilindi. Natijada fuqaro 91 million 855 ming 296 so‘mlik zarar keltirilgani aniqlandi va jarayon yuzasidan daliliy ashyo va hujjatlar huquq-tartibot organlariga topshirildi.


Universitet qizlari g‘olib bo‘ldi
Mamlakatimizda sportga qaratilayotgan e’tibor va rag‘bat tufayli sportchilar xalqaro musobaqa va olimpiadalarda yuksak o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Bu borada Buxoro viloyatida ham amalga oshirilayotgan sa’y-harakat qatorida bevosita har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” talaba yigit-qizlarni ham ilhomlantirmoqda.

– O‘tgan yili ushbu musobaqaning respublika miqyosidagi bahslariga Buxoro davlat universiteti mezbonlik qilgan hamda voleybol sport turi bo‘yicha universitetimiz jamoasi mamlakatda tengsiz deb topilgandi, –deydi Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov. – “Besh tashabbus olimpiadasi” final bosqichi joriy yil Qarshi shahrida bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, Buxoro davlat universitetining sportchi talabalari mazkur musobaqalarda faol ishtirok etdi. Jumladan, voleybol sport turi bo‘yicha qizlar jamoasi murosasiz to‘qnashuvlarda mutlaq g‘alabaga erishib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Voleybol bo‘yicha yigitlar jamoasi esa kumush medal sovrindori bo‘lib, Buxoro davlat universitetiga yana bir g‘alabani olib keldi. Sportning futbol turi bo‘yicha esa universitet jamoasi bronza medali bilan taqdirlandi.
Yo‘llar ravon bo‘lmoqda
Buxoro viloyati Vobkent tumanida yo‘l ta’miriga doir ishlab chiqilgan loyihalarga binoan 216 ta manzilda mahalla va qishloq yo‘llarini ta’mirlash va shag‘allashtirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, hududda joriy yil dastlabki mavsumidan “Open budjet” – “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida umumiy qiymati 172 milliard 800 million so‘m mablag‘ mahalliy aholi ovozi asosida yutib olinib, aynan yo‘l ta’miriga sarflanmoqda.

Shu yilning birinchi yarmi davrida hududda umumiy qiymati 76 milliard so‘mlikka teng bo‘lgan jami 68 ta loyiha amalga oshirildi. O‘nlab qishloq xonadonlari va ularda yashayotgan aholi vakillari duch kelayotgan muammolar, jumladan, yo‘l, elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi kabi kamchiliklar bartaraf qilingan.
Umuman, tuman yo‘lsozlari bugunga kelib hududdagi 178 kilometrdan oshiq yo‘l qismiga xizmat ko‘rsatilayotgan bo‘lib, shundan 32 kilometr yo‘l qismi respublika ahamiyatidagi, 147 kilometri esa mahalliy ahamiyatidagi yo‘l hisoblanadi.

Yilning ikkinchi yarmida Qo‘ng‘irot qishlog‘ida 2 kilometrga cho‘zilgan ichki yo‘l asfaltlashtirilgan bo‘lsa, tumanning ma’muriy birinchi sektoriga qarashli Rozmoz qishlog‘i ko‘chasining qariyb 800 metr qismi, shuningdek, “Changaron” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yo‘lning 500 metr qismi yo‘lsozlar tomonidan asfaltlashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.