Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ish quroling soz bo‘lsa...
Yo‘llarning ravonligi va bu ishlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarishda yo‘lsozlarga asosiy ko‘makchi bo‘lgan texnikalarning o‘rni beqiyosdir.
“Buxara real moto” MCHJ tomonidan yo‘lsozlar ishini yengillashtirish maqsadida, maxsus buyurtma asosida kamxarj va 2 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan mototsikllarning ishlab chiqarilmoqda. Yo‘lsozlar uchun maxsus texnikalarning dastlabki partiyasi boshqarmaga yetkazib berilgan.
Maxsus buyurtma asosida tayyorlanayotgan transport vositasi bosqichma-bosqich tumanlardagi barcha bo‘limlarga ham yetkazib berish rejalashtirilgan.


Quyosh panellariga talab ortmoqda
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi korxona va tashkilotlar, shuningdek, aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi, muqobil energiya manbalaridan, xususan, quyosh energiyasidan samarali foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Serquyosh o‘lkada yashaymiz, shuni hisobga olib, tabiatning ushbu ne’matidan qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishda unumli foydalanishimiz lozim, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Hamza Elliyev. –Muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish istagida bo‘lgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur bo‘lmaydi. Aholimiz quyosh panellari o‘rnatishda o‘zlari tashabbus ko‘rsatmoqda.
– Xonadonimizga 3 kVt soat quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatdik, – deydi fuqaro Nasiba Ro‘ziyeva. – Bu nafaqat oilamiz uchun yetarli, balki, iste’molimizdan ortgan qismini sotish orqali daromad olyapmiz. Barchaga quyosh panellarini o‘rnatib, muqobil energiya manbaiga ega bo‘lishlarini tavsiya qilaman.


Avtomashina sotildi...
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanlararo sudining 2024 yil 2 fevraldagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “Shofirkon Tomarqa Eksport” ICHKdan undiruvchi “Mikrokreditbank” ATB Shofirkon filiali foydasiga 1 milliard 690,9 million so‘m kredit qarzdorligi undirish, undiruvni bank va mijoz o‘rtasidagi kelishuvga asosan 465,9 million so‘m miqdorida baholangan.
Fuqaro M.Muhammedovaga tegishli, 2021 yilda ishlab chiqarilgan Sinotruk Golden prince rusumli o‘zi ag‘daruvchi yuk avtomashinasiga hamda bank va mijoz o‘rtasidagi kelishuvga asosan 480,6 million so‘mga baholangan. Shofirkon tumani, “Tezguzar” mahalla fuqarolar yig‘ini, Tezguzar qishlog‘ida joylashgan “Shofirkon Tomarqa Eksport” ICHKga tegishli umumiy yer maydoni 30000,0 kv. metr, binoning umumiy maydoni 4977 kv. metr, foydali maydoni 4977 kv. metr, qurilish maydoni 4977 kv. metrdan iborat bo‘lgan yerga egalik qilish huquqi bilan birgalikda issiqxona binosiga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Shofirkon tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.

Qarzdorlik bartaraf qilinmagandan so‘ng, garov mulki bo‘lgan yuk avtotransport vositasi realizatsiya qilish uchun onlayn auksion savdoda 465,9 million so‘mga sotilgan. Hozirda, kreditning qolgan qismini qoplash maqsadida garov mulki hisoblangan issiqxona binosini realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.