Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Tezkor tadbirlar natijasi
Shu kunlarda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari hamkorlikda tezkor tadbirlar olib bormoqda.

Ana shunday tezkor tadbirda Buxoro shahrida kuzatuvga olingan “Isuzu” rusumli transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Aniqlanishicha, 53,6 million so‘m bo‘lgan 14 400 dona pirotexnika vositasi va 112 dona salyutlar aniqlanib, vaqtinchalik saqlovga olindi.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Avtomashina sotiladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2024 yil 26 fevraldagi sud hujjatiga asosan qarzdor B.Sharapovdan undiruvchi “Kapitalbank” ATB “Kapital 24 CHBF” foydasiga 103.251.995 so‘m asosiy kredit qarzi undirish, undiruvni bank va mijoz o‘rtasidagi garov mulkini baholash dalolatnomaga ko‘ra 97.143.200 so‘mga baholangan qarzdorga tegishli 2017 yilda ishlab chiqarilgan “Nexia 3” rusumli avtotransport vositasiga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Kogon tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgan.

Ijro harakatlari davomida avtotransport vositasi topilib, jarima maydonchasiga vaqtincha saqlash uchun joylashtirilgan.
Berilgan muddat davomida qarzdorlik bartaraf etilmagandan so‘ng, mazkur avtomashina sotish uchun elektron savdo maydonchasi orqali kimoshdi savdolariga chiqarilgan.
Hozirda, ijro harakatlari olib borilmoqda.
Qidiruvdagi avtotransport topildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2024 yil 28 oktyabrdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor Sh.Umidovdan undiruvchi R.Ubaydullayev foydasiga yo‘l-transport hodisasi natijasida yetkazilgan 18.385.844 so‘m miqdoridagi moddiy zararni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Buxoro shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorning mulkiy ahvoli “MIB-Portal” dasturi orqali o‘rganilganda, uning nomida “Tracker 2” rusumli avtotransport vositasi mavjudligi aniqlangan. Davlat ijrochisi tomonidan mazkur avtotransport vositasiga tegishli tartibda qidiruv e’lon qilingan.

Hodimlar tomonidan olib borilgan harakatlar natijasida avtotransport vositasi Buxoro shahar hududida topilib, tegishli tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Hozirda, ijro harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri