Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan unumli foydalanib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rgandi.
Viloyatning Romitan tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor o‘rganishlarda, mebel karkas ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Mebel progress servis” MCHJ vakillari va bojxona organi mas’ullari o‘zaro muloqotda bo‘ldi.
Bojxona hududida qayta ishlash maqsadida Rossiya davlatidan mebel karkas ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlari olib kirayotgan ushbu korxona ayni vaqtda tayyor mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yib ulgurgan.
“Mebel progress servis” MCHJ 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida qiymati 900 ming dollarga teng bo‘lgan xom-ashyo mahsulotlarini bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirgan bo‘lib, qayta ishlash natijasida 700 ming dollarga teng 76 858 dona mebel karkas tovarlarni Rossiya davlatiga eksportga yo‘naltirgan.
– 2022 yilda korxonamiz faoliyati ma’lum bir sabablarga ko‘ra ancha oqsab qolayotgan edi, – deydi korxona rahbari Akobir Temirov. – Bojxona organi xodimlarining doimiy o‘rganishlari va ko‘magi bilan so‘nggi ikki yilda moddiy ahvolimiz sezilarli darajada yaxshilandi. Hattoki, ishlab chiqarish salmog‘imiz oshib, yangi ishchi o‘rinlarini tashkil etishni ham boshladik.









***
Yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan noqonuniy tovarlar “Olot” chegara bojxona postida to‘xtatib qolindi.
“Turkiya-O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan yuk avtomashinasi bojxona postida o‘rnatilgan inspeksion ko‘rik majmuasi yordamida skanerdan o‘tkazildi.
Yuklarning rentgen tasviri va bojxona yuk deklaratsiyasida aniqlangan tafovut sababli xolislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazildi.
Natijada, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 179 million so‘m deb baholanayotgan “Gaz plita ehtiyot qismlari” tovarlari borligi aniqlandi.
Mazkur tovarlar vaqtincha saqlovga olindi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.