Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi “Dehcha” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi hamda mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Mahalla aholisining aksariyati mebelsozlik bilan shug‘ullanadi. Ana shunday tadbirkorlardan biri Azim Iskandarovdir. U rahbarlik qilib kelayotgan “Iskandarov mebel” MCHJda hozirgi paytda 5 nafar mahalla yoshlari ishlaydi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mebel mahsulotlari xaridorgir bo‘lib, buyurtmachilar safi tobora kengaymoqda. Shuningdek, bu yerda xomashyo chiqitlaridan tayyor mahsulotlar, mebel furniturasi uchun zarur jihozlar ishlab chiqarilmoqda. Eksportbop mahsulotlar xorijiy davlatlarga, jumladan AQSHga jo‘natilmoqda.

Mahalladagi faol tadbirkorlardan biri Alijon Latipov o‘z xonadonida tayyor mebel mahsulotlari uchun matras ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Bu yerda oila a’zolaridan tashqari yana 4 nafar yoshlar ish bilan ta’minlangan. Sexda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Buxoro shahri, Peshku, Romitan, Olot tumanlari hamda Qashqadaryo viloyatiga yetkazib berilmoqda. Alijon Latipov chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.

A. Xaitov shu kuni hududdagi “Shernur” MCHJ foliyati bilan tanishdi. Ishchi-xizmatchilar bilan suhbatlashdi. O‘zLiDeP yetakchisi mahalla faollari va yosh tadbirkorlar bilan o‘tkazgan suhbati davomida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligini, qolaversa, ushbu soha yurtimiz iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylanib borayotganligini ta’kidladi. Partiya faollari oldida turgan bugungi asosiy vazifa Prezidentimiz tavsiya va ko‘rsatmalari asosida tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirishga hissa qo‘shishdan iborat ekanligini qayd etdi.
***
Buxoroda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining joriy yilning olti oyi davomida amalga oshirgan ishlari sarhisobi hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shamshod Ochilov amalga oshirilgan joriy ishlar va kelgusi vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida respublika boshqaruvi tomonidan qo‘yilgan vazifalar, shuningdek, viloyat hokimligining tavsiyalari asosida viloyat bo‘limi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, kasb bayrami arafasida buxorolik jurnalist va blogerlar hamda faxriylar uchun ko‘hna va betakror Xiva shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat doirasida Xorazm teleradiokompaniyasiga press-tur uyushtirildi. 27 iyun –Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan viloyatda faoliyat yuritayotgan hamda uyushma bilan hamkorlikda ishlab kelayotgan 22 nafar jurnalist va blogerlarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

2022-2023 yillarda viloyatning 26 nafar faol OAV xodimlariga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari va ko‘krak nishonlari topshirildi. Bu boradagi ishlar joriy yilda ham davom etmoqda. Uyushma o‘z faoliyati doirasida Navoiy, Samarqand viloyatlari OAV bilan tajriba almashishni, viloyat bo‘limi qoshida bo‘lg‘usi jurnalistlar uchun “Mahorat maktabi” mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yishni, bo‘lim faoliyatini rivojlantirish va moddiy texnika bazasini boyitish uchun davlat grantlarini olishni rejalashtirgan. “Eng ulug‘,eng aziz” hamda “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovlarini o‘tkazish va ularni munosib rag‘batlantirish, ehtiyojmand va faxriy jurnalistlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab – quvvatlash ham asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri