Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 avgustdagi “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyatidagi 195 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 1 million 254 ming aholini markazlashgan toza ichimlik suvi hamda 165 ming aholini markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan ta’minlash maqsadi ko‘zlangan loyihaning umumiy qiymati 437,62 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan, 385,12 million AQSH dollari Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki mablag‘i, 52,5 million AQSH dollari esa O‘zbekiston Respublikasi hissasi hisoblanadi. Qarorga ko‘ra, loyiha doirasidagi barcha tadbirlar 2025 yilda yakunlanishi belgilangan.

Xususan, loyiha doirasida 1-paketda “Navbahor” va “Bo‘zachi” suv tarqatish inshootlarini rekonstruksiya qilish, “Jarqoq” suv tarqatish inshootini qurish, 9 kilometr masofada ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Mazkur ishlarni bajarish bo‘yicha “Ziyo IbodSher ITQ” va “Gijduvon Zarangari Qurilish ITQT” konsorsiumi bilan tegishli tartibda shartnoma imzolangan hamda pudratchi tomonidan qurilish ishlari boshlangan. Loyiha doirasidagi ishlar yakunlansa, “Bo‘zachi”, “Navbahor”, “Jarqoq” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 1 ming 350 ta xonadon va 7 ming 772 nafar aholi, shuningdek, ulgurji iste’molchilari uzluksiz toza ichimlik suvi va oqova ta’minoti bilan ta’minlanadi.
****
Buxoro viloyati Vobkent tumanida ma’naviyat va ma’rifat maskanining yangi binosi qad rostladi. Binoning qurilishi va jihozlanishi uchun mahalliy byudjet mablag‘idan 2022 yilda 485 million so‘m, 2023 yilda 437 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Yangidan bunyod etilgan ma’naviyat va ma’rifat maskani binosi elektron kutubxonasi 3 ta zamonaviy kompyuter, internet tarmog‘i, mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Ma’naviyat va ma’rifat maskani kutubxonasi 200 ta sara zamonaviy o‘zbek adabiyoti va jahon adabiyotining o‘zbek tilidagi tarjimalari bilan boyitildi.


Maskanning tantanali ochilishi marosimida Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Shodmon Sulaymonov, shuningdek, tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari qatnashdi. Yangi barpo etilgan ma’naviyat va ma’rifat maskaniga Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari tomonidan 100 ta badiiy kitob to‘plami sovg‘a qilindi.
Zarif Komilov,
O‘zA