Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona posti orqali noqonuniy tovar moddiy boyliklarini olib o‘tishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.
Aniqlangan holatda xorijiy yo‘nalishda harakatlanib bojxona postiga kirib kelgan yuk avtomashinasining inspeksion ko‘rik majmuasidan olingan rentgen tasvirlari va yuk kuzatuv hujjatlari o‘rtasida tafovut yuzaga kelgan.

Gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida amalga oshirilgan bojxona ko‘rigi jarayonida esa, hujjatlarda qayd etilmagan parfyumeriya tovarlari borligi tasdiqlangan.
Hozir umumiy qiymati 237 million so‘mni tashkil etuvchi ushbu tovarlar qonuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha saqlovga olingan.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
***
G‘ijduvon tumanida iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlari aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan G‘ijduvon tumanidagi “J.D.” MCHJ rahbari J.B. va boshqalar qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan 5 turdagi 873 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini MCHJ savdo do‘konida sotuvga qo‘yganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu alkogol mahsulotlari va 256 quti aksiz markasiz tamaki mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
***
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida navbatdagi yuqori texnologik operatsiya o‘tkazildi.

–-Tizza bo‘g‘imida kuchli og‘riq va harakat cheklanishidan shikoyat qilib shifoxonaga tushgan bemor ko‘p yil turlicha davo muolajalarini qabul qilganiga qaramay, o‘zida ijobiy o‘zgarishni sezmagan, - deydi markazning travmatologiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi A.Mo‘minov. – Aksincha, og‘riq zo‘rayib, ahvoli og‘irlashib borgani sababli jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj kuchaygan. Bir necha kunlik tayyorgarlikdan so‘ng, muvaffaqiyatli o‘tgan endoprotezlash amaliyotidan so‘ng bemor bir necha yillik og‘riq azoblaridan forig‘ bo‘lmoqda.

Ta’kidlash joizki, hozir filialning travmatologiya bo‘limida xalqaro miqyosdagi ilg‘or klinikalarda amalga oshirilayotgan barcha turdagi yuqori texnologik operatsiyalar qatorida chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarini endoprotezlash amaliyotlari keng ko‘lamda o‘zlashtirilmoqda. Muhimi, bu kabi jarrohlik amaliyotlarini risoladagidek bajarish uchun filialda mutaxassis kadrlar bilan birga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar mavjud va jahon standartlariga mos shart-sharoit yaratilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri