Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Axborotlar haqqoniy, ochiq, oshkora va tezkor bo‘lishi kerak
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi — Shohruh G‘iyosov ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar qatnashdi.
Ochiq muloqotda Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi olib borilayotgan ishlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari va blogerlarning faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Beriladigan axborotlarning haqqoniyligi, ochiqligi, oshkoraligi va tezkorligiga urg‘u berildi.
Pirotexnika vositalari noqonuniy muomalasining oldi olindi
Qariyb 11 million so‘mlik pirotexnika vositalari noqonuniy muomalasining oldi olindi. Bu haqida Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi katta leytenanti Murodjon Rahmatullayev O‘zAga ma’lum qildi.
Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida joriy yilning 23 noyabr kuni Buxoro tumani hududida olingan ma’lumotlar asosida pirotexnika vositalarining qonunga xilof ravishda tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Buxoro tumani «Rabotiqalmoq» MFY hududida fuqaro J.T. 1 dona karton qutini olib ketayotgan vaqtda xodimlar tomonidan ushbu quti ichida nima borligi so‘ralganda pirotexnika vositalari mavjudligini ma’lum qilgan. Shuningdek, fuqarodan unda mavjud shu kabi vositalar ixtiyoriy ravishda topshirilishi so‘ralganda, yashash xonadonidagi 72 blokda «Treniya» hamda 27 blokda «Britanik» nomli umumiy hisobda 99 blokda 59 ming 400 dona pirotexnika vositalari qonuniy tartibda hujjatlashtirib olingan.
Hozirda, fuqaro J.T.ga nisbatan Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi surishtiruv bo‘limi tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
«Besh tashabbus» faollari taqdirlandi

Buxoroda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2021 yilda o‘quvchi yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalarida 4 ming nafardan oshiq buxorolik o‘quvchilar qatnashdi. Natijalarga ko‘ra, tadbirlarda faol ishtirok etgan 210 nafar o‘quvchi g‘oliblar qatoridan joy oldi.
Buxoro shahridagi «Yoshlar markazi»da o‘quvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktab jamoalarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda jami 24 ta maktab, 210 nafar o‘quvchi, 24 nafar direktor va 24 nafar o‘qituvchiga vazirlik tomonidan bir milliard so‘mlik robototexnika, musiqa va sport jihozlari topshirildi.
Vobkent tumanidagi 6-IDUMIning 7-sinf o‘quvchisi Shahzod Erkinov O‘zbekiston Respublikasi innovatsion vazirligining ilmiy-ommabop nashri – “XXI asr texnologiyalari» jurnali tomonidan e’lon qilingan «Raqamli texnologiyalar yoshlar nigohida» tanlovida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
O‘quvchi-yoshlar ishtirokida kuy-qo‘shiqlar va raqslar ijro etildi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA