Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qashqadaryo viloyatida sohil futboli bo‘yicha viloyatlar terma jamoalari o‘rtasida musobaqa bo‘lib o‘tdi. Buxoro viloyati nomidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan shakllantirilgan ikkita "BNQIZ-1" va "BNQIZ-2" terma jamoalari qatnashdi.
Turnir davomida "BNQIZ-1" jamoasi barcha raqiblarini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Sohil futboli kubogi final bosqichi uchrashuvida "BNQIZ-1" jamoasi "Farg‘ona TZ" jamoasi ustidan g‘alaba qozondi.
Jamoa dastlabki daqiqalardan raqib darvozasiga hujum qila boshladi. Natijada 6:2 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu turdagi musobaqada futbolchilar a’lo darajadagi jismoniy tayyorlik va yaxshi jamoaviy o‘yin ko‘rsatdi. Natijada "BNQIZ-1" jamoasi bosh sovrin–"O‘zbekiston kubogi"ni qo‘lga kiritdi.
"BNQIZ-1" jamoasidan Sohib Narzullayev – 4 ta va Behruz Samiyev – 2 ta gol urdi.
– Futbol – bu birinchi navbatda jamoaviy o‘yin, – deydi Buxoro NQIZ direktori Akbar Fazilov. – Butun jamoaning hamjihat o‘yinisiz muvaffaqiyatga erishish mumkin emas. Futbol – shunchaki o‘yin emas, bu zavq.
*****
Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi katta leytenanti Murodjon Raxmatullayevning O‘zAga bergan xabariga ko‘ra o‘g‘rilar jinoyat ustida qo‘lga tushgan.

Aniqlanishicha, Buxoro shahrida yashovchi 1972 yilda tug‘ilgan fuqaro B.A. hamda 1973 yilda tug‘ilgan fuqaro A.U.lar oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda bir guruh bo‘lishadi.
Natijada joriy yilning 16 avgust kuni soat taxminan 21:30 larda Buxoro shahar I.Karimov ko‘chasida joylashgan Ko‘hna va boqiy Buxoro majmuasining avtoturargohida bo‘lgan 1985 yilda tug‘ilgan Buxoro shahrida yashovchi fuqaro U.Yu.ga tegishli “Matiz” rusumli avtomashinaning old haydovchi eshigini temir chizg‘ich hamda sim bo‘lagi bilan pul yoki qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlash maqsadida ochishadi. Guruh a’zolari mashina ichidan hech narsa topa olmagach jinoiy harakatlarini oxiriga yetkaza olmasdan ko‘zdan yashirinishga uringan vaqtida hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘lga olinadi.
Mazkur holat yuzasidan B.A. va A.U.larga nisbatan O‘z.R.JKning 25,169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
******
Buxoro viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi Jamoat havfsizligini saqlashga ko‘maklashish va qo‘riqlanayotgan ob’ektlarda huquqbuzarliklarni oldini olishni muvofiqlashtirish bo‘linmasi mas’ullari tomonidan joriy yilning 5 oktyabr kuni Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli cho‘l hududida joylashgan “O‘rtaqum-Andaqli” gazokondensat quvurlari yo‘nalishi tomonidan harakatlanib kelayotgan fuqaro M.T. boshqaruvidagi “UAZ” rusumli avtomashina shubhali harakat qilganligi sababli to‘xtatilgan.

O‘tkazilgan tekshiruvda avtomashina saloni ichki qismida jami 4 ta 60 litr sig‘imli yelim idishlarda 240 litr dizel yoqilg‘isi hech qanday hujjatlarsiz olib ketilayotganligi aniqlangan hamda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Romitan tumani qo‘riqlash bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA