Buxoro viloyati: qurilish ishlari nazoratda
Buxoro shahri qiyofasini o‘zgartirish va ma’nan eskirgan uy-joylar o‘rniga zamonaviy va ko‘rkam binolar qurish maqsadida 2018 yilda renovatsiya dasturi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, Buxoro shahridagi 59 ta ko‘p qavatli (788 ta xonadon, 136 ta noturar ob’ektlar) hamda 85 ta yakka tartibdagi uy-joylarning qayta qurilishi belgilangan. Renovatsiyaga tushgan uy-joylar o‘rniga 68 ta ko‘p qavatli turar – joylar qurilishi rejalashtirilgan.
O‘tgan davr mobaynida renovatsiya asosida Buxoro shahrining Nizomiy, Navro‘z, Ibn Sino, Furqat hamda J.Ikromiy nomli mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida zamonaviy loyihalar asosida 26 ta (378ta xonadon, 73 ta noturar ob’ektlar) ko‘p qavatli uylar qurildi.

Viloyat prokuraturasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qolgan 42 ta ko‘p qavatli uy-joylarning qurilishi viloyat hokimi, prokuratura, ichki ishlar va soliq boshqarmasi boshliqlari tomonidan alohida nazoratga olinib, viloyat hokimining farmoyishi bilan qurilish ishlarini yakunlash bo‘yicha reja-grafiklar ishlab chiqilgan. Mazkur uylarning belgilangan muddatlarda, sifatli qurilishi va foydalanishga topshirilishi alohida nazoratga olingan.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ayrim soxta tadbirkorlar tomonidan fuqarolarga uy-joy qurib berishni va’da berib, firibgarlik yo‘li bilan ularning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirganliklari aniqlandi.
Masalan, fuqaro Payanov jami 362 nafar fuqarolarga uy qurib berishni va’da qilib, ularning 40 milliard so‘m pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Tergov davomida zararni qoplash maqsadida Payanovga tegishli bo‘lgan Buxoro shahridagi qurilishi tugallanmagan 5 ta ko‘p qavatli uylar hamda O‘tror mavzesidagi 10 ta zamonaviy kottejlar xatlandi. Hozirda jinoyat ishi sud muhokamasida ko‘rib chiqilmoqda.

Iroq fuqarosi Moxammed Al-Dabbah Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasida ko‘p qavatli uy-joy qurib berishni va’da berib, 20 nafar fuqaroning 2,9 milliard so‘mlik pul mablag‘larini naqd va pul ko‘chirish yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Firibgarlik jinoyatini sodir qilgan Moxammed Al-Dabbahga nisbatan sirtdan ayb e’lon qilinib, qidiruv e’lon qilindi.Prokuratura tomonidan 20 nafar fuqaroning manfaatini ko‘zlab, zararni undirish va undiruvni qurilishi tugallanmagan uy-joyga qaratish to‘g‘risida sudga da’vo arizalar kiritildi.
Sud tomonidan prokuror da’volari to‘liq qanoatlantirilib, yetkazilgan zarar Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasidagi qurilishi tugallanmagan uy-joylarga qaratildi. Ushbu uy-joylar belgilangan tartibda baholanib, auksionda sotilishi va javbrlanuvchilarga zarar o‘rnini qoplashga qaratilishi ta’minlanadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA