Buxoro viloyati hokimi Xo‘jaylida
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq mamlakatimizning viloyatlari Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida Qoraqalpog‘istondagi tumanlarga biriktirilgan. Buxoro viloyati ham Xo‘jayli tumanini o‘z tajribasi asosida yanada rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi bir guruh mas’ullar, qator tashkilot va idoralar rahbarlari, tadbirkorlar Xo‘jayli tumanida bo‘lib, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. bugungi kunda tumanda Buxoro viloyati tomonidan umumiy narxi 215 milliard so‘mlik 38 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman hududida 45 kilometr yo‘lni ta’mirlash, tuman markazini obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligini yuksaltirish, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Tashrif doirasida viloyat hokimi B.Zaripov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev, tegishli soha rahbarlari tuman tibbiyot birlashmasiga tashrif buyurdi. Buxorolik shifokorlar tomonidan tumanda 5 ming nafardan ziyod aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 17 nafar fuqaroga murakkab, 128 nafariga turli jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bemorlar tibbiyot sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor uchun davlatimiz rahbariga, shu jumladan, beminnat yordami uchun buxorolik shifokorlarga minnatdorlik bildirdi.

Viloyat quruvchilari tomonidan “Kun nuri” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida dastlabki bosqichda 36 ta yakka tartibdagi uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida ushbu turar joylarning taqdimoti bo‘ldi va qurilishga tamal toshi qo‘yildi. Shu kunning o‘zida tumanda 20 ta ko‘chma maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasi ham ochildi. Viloyat hokimi “Qo‘lab” ovul fuqarolar yig‘ini hududida ayollar go‘zallik saloni va erkaklar sartaroshxonasining ochilishida ishtirok etdi.


Viloyat hokimining tashabbusi bilan tumandagi 10 ta yosh oilaning nikoh hamda 10 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev yosh oilalarni va bolalarni unutilmas kunlari bilan qutladi. Ularga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Buxoro viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at ustalarining konsert dasturi yig‘ilganlarga xushkayfiyat bag‘ishladi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA