Buxoro va Xorazmga sayohat
Aholi salomatligini muhofaza qilish, xonadonlarga tibbiy xizmat va mehr-e’tibor olib kirishda patronaj hamshiralarining o‘rni beqiyos. Ular har kuni mahalla va xonadonlarda bo‘lib, onalar va bolalar salomatligini nazorat qiladi, bemorlar holidan xabar oladi. Bu mas’uliyatli kasb egalarining mehnati inson salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ana shunday fidoyi tibbiyot xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, ularni rag‘batlantirish va mazmunli hordiq chiqarishlari uchun sharoit yaratish maqsadida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida faoliyat yuritayotgan patronaj hamshiralari uchun Buxoro va Xorazm viloyatlariga sayohat tashkil etildi.
Asosiysi, tibbiyot xodimlari sayohat davomida yurtimizning boy tarixi, betakror me’moriy obidalari, muqaddas qadamjolari va milliy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Sayohatning dastlabki manzili Buxoro bo‘ldi. Qadimiy shaharning har bir ko‘chasi, muhtasham minora va madrasalari, tarixiy majmualari yurtimizning boy va serqirra o‘tmishidan so‘zlaydi. Hamshiralar Buxoroning mashhur Ark qal’asi, Poyi Kalon majmuasi, Labi Hovuz kabi tarixiy maskanlarida bo‘lib, ularning tarixi va me’moriy xususiyatlari bilan tanishdilar.

Ayniqsa, asrlar davomida Buxoro hukmdorlari qarorgohi bo‘lib kelgan Ark qal’asi sayohatchilarda katta taassurot qoldirdi. Qadimiy qal’a bag‘ridagi osori-atiqalar, me’moriy inshootlar va tarixiy ma’lumotlar ajdodlarimizning davlatchilik an’analari, turmush tarzi va madaniyati haqida yanada keng tasavvur uyg‘otdi.
Buxoro safari davomida “Yetti pir” ziyoratgohlarini ziyorat qilish ham ishtirokchilar uchun ma’naviy jihatdan mazmunli bo‘ldi. Buyuk allomalar va aziz-avliyolarning hayoti, ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy merosi bilan tanishish sayohatga alohida mazmun bag‘ishladi.
Sayohatning keyingi manzili Xorazm vohasining gavhari, qadimiy Xiva shahri bo‘ldi. Xivaning yuragi hisoblangan Ichan qal’a o‘zining betakror me’moriy qiyofasi bilan mehmonlarni maftun etdi. Qadimiy shahar devorlari ichida asrlar silsilasidan darak beruvchi madrasalar, masjidlar, saroylar, minora va maqbaralar bugun ham o‘zining tarixiy qimmatini saqlab kelmoqda.

Sayohatchilar Ko‘hna Ark, Toshhovli saroyi, Juma masjidi, Kalta Minor kabi tarixiy obidalarni tomosha qilib, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan me’moriy meros bilan yaqindan tanishdilar. Ichan qal’aning qadimiy ko‘chalari bo‘ylab sayr qilish, milliy hunarmandchilik namunalarini ko‘rish ham ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
— Buxoro va Xorazmga uyushtirilgan sayohat biz uchun juda mazmunli va unutilmas bo‘ldi. Kundalik ish faoliyatimizda aholi salomatligi bilan bog‘liq mas’uliyatli vazifalarni bajaramiz. Shu bois, bir necha kun davomida tarixiy shaharlarni ziyorat qilib, ma’naviy hordiq chiqarganimiz bizga katta quvonch bag‘ishladi. Buxorodagi Ark qal’asi va “Yetti pir” ziyoratgohlarida bo‘lib, ajdodlarimizdan qolgan boy ma’naviy meros bilan tanishdik. Xivadagi Ichan qal’a, qadimiy saroy va majmualar esa bizda yanada katta taassurot qoldirdi. Safar davomida yurtimizning tarixi va madaniy merosi naqadar boy ekanini yana bir bor his qildik, — deydi hamshira Charos Jo‘rayeva.

— Bunday sayohatlarni nafaqat Buxoro va Xiva, balki Samarqand, Toshkent hamda respublikamizning diqqatga sazovor boshqa maskanlariga ham muntazam tashkil etib kelyapmiz. Safarlar davomida tibbiyot xodimlari nafaqat maroqli hordiq chiqarib, kuch to‘playdilar, balki yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishadilar, aziz-avliyolar qadamjolarini ziyorat qilib, ma’naviy ozuqa va yangi taassurotlar oladilar. Bunday safarlar ularning dunyoqarashini boyitish, ruhiy tetikligini oshirish va kasbiy faoliyatiga yanada katta g‘ayrat bilan yondashishi uchun muhim motivatsiya beradi. Zero, mehnat ahlini rag‘batlantirish, ularga munosib dam olish imkoniyatini yaratish jamoada sog‘lom muhitni mustahkamlashning muhim omillaridan biridir, — deydi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Akbarxon Mirzaxonov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri