Buxoro — dunyo xalqlarini o‘ziga chorlayotgan muqaddas maskan
Muqaddas qadamjolar, asrlar sinovidan o‘tgan ilm-fan va ma’rifat an’analari, dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar merosi... Buxoro haqida gap ketganda, avvalo, ana shunday ulug‘ tushunchalar xayolga keladi. Bugun esa bu qadimiy zamin nafaqat tarix va xotira, balki turli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiradigan xalqaro ma’rifiy muloqot maydoniga aylanib bormoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni, xususan, ziyorat turizmini yangi bosqichga olib chiqish, O‘zbekistonning boy islomiy merosi, buyuk allomalari va ko‘p asrlik diniy-ma’rifiy an’analarini jahonga keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli yurtimizning sayyohlik salohiyatini dunyoga tanitish, muqaddas qadamjolarni obod etish, ziyoratchilar uchun munosib sharoit yaratish hamda O‘zbekistonni xalqaro ziyorat turizmining muhim markazlaridan biriga aylantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda Buxoroning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Zero, bu zaminda har bir ko‘cha, har bir madrasa, har bir maqbara go‘yo asrlar bag‘ridan xabar berib turgan tirik tarixdir. Bu yerda Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G‘ijduvoniy singari buyuk alloma va avliyolarning ma’naviy merosi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar mavjud.
E’tiborlisi, Buxoroning ushbu ulkan ma’naviy salohiyati xorijda ham tobora keng e’tirof etilmoqda.


Mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasi xorijiy sayyohlar oqimida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Malayziyadan Buxoro viloyatiga tashrif buyurgan turistlar soni 1,6 barobarga oshgani bu yo‘nalishdagi hamkorlik salohiyati nihoyatda katta ekanini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiyaning O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarga yangi mazmun bag‘ishladi. Ushbu tashrifdan so‘ng qirollik oilasi tomonidan Joxor shtati ma’muriyatiga O‘zbekistonning boy islomiy tarixi va madaniyati, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish, shuningdek, tarixiy milliy an’analarni asrab-avaylab, zamonaviy sharoitda rivojlantirib kelayotgan korxonalar tajribasini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga safar tashkil etish topshirildi.
Buning o‘ziyoq mamlakatimizning ma’naviy-tarixiy merosi xalqaro miqyosda qanday katta qiziqish uyg‘otayotganining yana bir yorqin dalilidir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Joxor shtati bosh kotibi Moxammed Ridha bin Abd Qodir, muftiy Yaxyo bin Ahmad, Islom dini kengashi maslahatchisi Nuh bin Gadot boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Xorijiy mehmonlarning Buxoroga tashrifi oddiy sayyohlik safaridan ko‘ra kengroq ma’no kasb etadi. Bu — ikki xalqning tarix, din, ilm-fan va ma’naviyat borasidagi umumiy qadriyatlarini yanada yaqinlashtirishga qaratilgan muhim qadam.
Delegatsiya tashrif dasturi doirasida Buxoroning diqqatga sazovor joylari, tarixiy ziyoratgoh va qadamjolari bilan tanishadi.
Mehmonlar uchun bu maskanlar shunchaki sayyohlik ob’ekti emas. Ular asrlar davomida shakllangan ulkan ma’naviy meros, ilm va ma’rifat an’analarining yorqin ifodasidir.
Buxoroga kelgan inson bu yerda faqat tarixiy obidalarni ko‘ribgina qolmaydi. U go‘yo o‘tmish bilan yuzma-yuz keladi. Qadimiy madrasalar, hovuzlar, masjid va maqbaralar, tor va fayzli ko‘chalar insonni ming yillik tarix sahifalariga yetaklaydi.
Shu jihatdan qaraganda, ziyorat turizmini rivojlantirish — faqat sayyohlar sonini oshirish yoki turistik xizmatlar hajmini ko‘paytirish emas. Bu, eng avvalo, xalqimizning buyuk ma’naviy merosini dunyoga tanitish, tarixiy xotirani asrash, avlodlar o‘rtasida ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlash va turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat hamda bag‘rikenglik muhitini kuchaytirishdir.
Bugun Buxoroning dunyo sayyohlik xaritasidagi nufuzi ortib borayotgani ham ana shu ulkan maqsadlar bilan uyg‘un. Ayniqsa, Malayziya kabi musulmon dunyosida katta nufuzga ega davlat vakillarining Buxoroga qiziqishi shaharning ziyorat turizmi salohiyati xalqaro miqyosda tobora yuksalayotganidan dalolat beradi.
Zero, Buxoro — bir millat yoki bir mamlakat tarixi bilan cheklanib qoladigan shahar emas. Uning ma’naviy merosi butun musulmon olami, qolaversa, jahon sivilizatsiyasi tarixining ajralmas qismidir.


Bugungi islohotlar esa ana shu bebaho merosni zamonaviy imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirish, uni dunyo ahliga munosib tarzda namoyish etish uchun keng yo‘l ochmoqda.
Tarixiy obidalarni asrash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, sayyohlar uchun infratuzilma va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish kabi ishlar Buxoroning jahon ziyorat turizmidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, xorijlik mehmonlar Buxoroga kelib, bu zaminning nafaqat tarixini, balki bugungi O‘zbekistonni ham ko‘rmoqda. Ya’ni ular obidalar orqali kechagi O‘zbekistonni, zamonaviy shaharlar, yangilanishlar va islohotlar orqali esa bugungi Yangi O‘zbekistonni kashf etmoqda. Malayziya delegatsiyasining Buxoroga tashrifi ana shu ezgu jarayonning yana bir muhim sahifasidir.
Bugun dunyoda xalqlar va davlatlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan eng kuchli vositalardan biri — bu madaniyat va ma’naviyatdir. Buxoro esa bunday muloqot uchun tabiiy va betakror maydon bo‘la oladi. Zero, asrlar davomida bu zaminda ilm izlagan, ma’rifat tarqatgan, turli yurtlardan kelgan insonlarni birlashtirgan ma’naviy muhit shakllangan. Bugun ana shu an’ana yangi mazmun bilan davom etmoqda.
Malayziyalik mehmonlarning Buxoroga tashrifi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy-ma’rifiy va ilmiy-madaniy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim imkoniyatdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri