Buxoro Boshqirdistonda ham keng targ‘ib etiladi
Ko‘hna va boqiy Buxoro haqida hujjatli film suratga olish uchun Boshqirdiston teleradiokompaniyasi bosh muharriri Gauxar Battalova boshchiligidagi ijodiy guruh sharif shaharga keldi.
Boshqirdiston teleradiokompaniyasi to‘rtta telekompaniya, to‘rtta radiostansiyadan iborat. 700 dan ziyod ijodiy va texnik xodimlar faoliyat yuritadi. Teleradiodasturlar rus va boshqird tillarida efirga uzatiladi.

Ijodiy guruh ko‘hna va boqiy Buxoroning diqqatga sazovor joylari, o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati, betakror tabiati va mehmondo‘stligini kadrlarga muhrlamoqda.

–Boshqirdistonda Buxoroni yaxshi bilishadi, – deydi Gauxar Battalova. – Ayniqsa, bizda sizdagi tarixiy qadamjolarning noyob arxitekturasiga qiziqish katta. Hujjatli filmda biz ko‘proq ana shu jihatlarga e’tibor qaratyapmiz. Qolaversa, maqsadimiz yurtingizning turizm salohiyati va brendini Boshqirdistonda keng targ‘ib qilish hamda xalqimiz e’tiborini Buxoroga ko‘proq jalb qilishdir.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.