Bunyodkorlik ishlari davom etadi
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan Samarqand shahrining Rudakiy va Boʻstonsaroy koʻchalari kesishmasida ham loyiha qiymati 67,7 milliard soʻm boʻlgan tonnel qurilishi ishlari boshlandi.
Davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-maydagi “Samarqand shahrida 2019-2022-yillarda amalga oshiriladigan ulkan bunyodkorlik ishlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand shahrining asosiy koʻchalari, yaʼni 42 ta koʻchada muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari qurish, 26 ta koʻchani rekonstruksiya qilish hamda 10 ta tonnel va koʻpriklar qurilishi boshlandi.
Gulobod koʻchasi Samarqand shahriga qoʻshni tumanlar va viloyatlardan kirib kelishda muhim ahamiyat kasb etadigan koʻchalardan biridir. Biroq mazkur koʻcha nihoyatda torligi transport va piyodalar harakati uchun noqulaylik tugʻdirayotgan edi. Shu bois Samarqand shahridagi G-34 va Gulobod koʻchalari kesishmasidan Samarqand tumanidagi Xoʻja Ahrori Valiy majmuasigacha olib boruvchi koʻchada 6 qatorli avtomobil yoʻli qurish belgilangan. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida bugungi kunda Gulobod koʻchasida 2,4 kilometr masofadagi yoʻl tubdan rekonstruksiya qilinib, qayta qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan Samarqand shahrining Rudakiy va Boʻstonsaroy koʻchalari kesishmasida ham loyiha qiymati 67,7 milliard soʻm boʻlgan tonnel qurilishi ishlari boshlandi.
Samarqand shahrining Gulobod, Rudakiy va Boʻstonsaroy koʻchalari kesishmasida amalga oshirilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari haqida ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida jurnalistlar va internet nashrlari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda olib borilayotgan ishlarning koʻlami va ahamiyati haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, Gulobod koʻchasining yoʻl yoqasida joylashgan turar-joylar buzilishining oldini olish maqsadida mavjud 9-10 metr gabaritdagi yoʻlning tubdan rekonstruksiya qilinishi hisobiga 4 tasmali, gabariti 15 metrli yoʻl qurilishi belgilangan. Yoʻlning har ikki tomonidan irrigatsiya lotoklari, piyodalar yurish yoʻlagi va koʻkalamzorlashtirilgan maydonlar quriladi. 120 ta temir ustunlar oʻrnatilib, ular 120 ta yoritish lampalari bilan jihozlanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ushbu yoʻl qurilish ishlariga 18 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
– Gulobod koʻchasini kengaytirish davomida birorta aholi xonadoni buzilishga tushmaydi, – deydi viloyat avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Akbar Mirzayev. – Faqatgina baʼzi xonadonlarning koʻcha tomonga chiqarib qurilgan peshayvonlari olib tashlanadi. Shu bilan birgalikda, rekonstruksiya ishlari davomida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda 75 ta daraxt kesiladi.
Mazkur hududda ichimlik suvi taʼminoti va oqova xizmatlari koʻrsatilishini yaxshilash maqsadida Xoʻja Ahrori Valiy majmuasidan Gulobod koʻchasi orqali Termiz koʻchasigacha 3,2 kilometr masofada oqova suv tarmogʻi hamda 2,1 kilometr masofada ichimlik suvi tarmogʻi tortish boshlangan. Ushbu ishlarga 10,7 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan va bugungi kunga qadar 30 foiz mablagʻ moliyalashtirilgan.
Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida Xoʻja Ahrori Valiy majmuasidan Gulobod koʻchasi orqali Termiz koʻchasigacha 8 kilometr masofada elektr kabellarini yangilash, qurish ishlari amalga oshiriladi. Ushbu ishlarga 9,6 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida esa 700 million soʻm mablagʻ evaziga 2,6 kilometr masofada gaz tarmogʻi tortish, rekonstruksiya qilish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.
Jurnalistlar Rudakiy va Boʻstonsaroy koʻchalari kesishmasida amalga oshirilayotgan tonnel qurilish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. Mazkur tonnel qurilishi “Oʻzbekiston temir yoʻllari“ AJ “Koʻprikqurilish“ tresti Unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Tonnel tipidagi yoʻl oʻtkazgichning umumiy uzunligi 534 metr va tonnel qismining uzunligi 93 metrga yetadi. Shu bilan birga Boʻstonsaroy koʻchasi boʻylab kengligi 6 metr, balandligi 3 metr boʻlgan piyodalar yer osti oʻtish yoʻlkasi quriladi. Roʻdakiy koʻchasi boʻylab oʻtgan tramvay yoʻli ham tonnel ostidan oʻtadi.
Press-tur davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.