Bunday yurtda har qancha bayram qilish yarashadi
Vatanimiz mustaqilligining 23-yillik bayramiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar safi yanada ko‘paygan. Xususan, osmon ostidagi ochiq muzey deb nom olgan qadim Xiva shahri ko‘chalari, saylgoh va bog‘larida ham ularni ko‘plab uchratish mumkin. O‘zA muxbiri ulardan ayrimlarining taassurotlari bilan qiziqdi.
Vatanimiz mustaqilligining 23-yillik bayramiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar safi yanada ko‘paygan. Xususan, osmon ostidagi ochiq muzey deb nom olgan qadim Xiva shahri ko‘chalari, saylgoh va bog‘larida ham ularni ko‘plab uchratish mumkin. O‘zA muxbiri ulardan ayrimlarining taassurotlari bilan qiziqdi.
Djan Luyei (Fransiya):
– Bundan ancha yillar avval ommaviy axborot vositalarida Orol dengizi qurib borayotgani haqida o‘qigan edim. Shu bois hamma yoq qum va tuz bilan qoplangan, yashillikdan xoli bir hudud bo‘lsa kerak, degan tasavvurda edim. Yo‘q, adashgan ekanman. Urganch aeroportining o‘zidayoq bu yurt haqidagi o‘ylarim, fikrlarim butkul o‘zgardi. Shaharning go‘zalligi, milliy va zamonaviy me’morchilik an’analarining ajib bir uyg‘unligi ko‘zni quvontirsa, tevarak-atrofdagi turfa gul va daraxtlar, ayniqsa, tinch-osuda hayot, odamlar yuzidagi xotirjamlik kayfiyatingni ko‘taradi.
Qaysi aholi punktiga bormayin, u yerdagi zamonaviy sport maydonchalari bolalar bilan gavjumligi to‘lqinlantirib yubordi. Bunday manzara har qanday odamning havasini keltiradi. Maydon chetida ularni mamnun kuzatib turgan ota-onalar dunyodagi eng baxtiyor insonlardir. O‘zbekistonda oilaga, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor naqadar yuksak ekanini mana shu holatning o‘zi ham yaqqol tasdiqlab turibdi. Tinch-osuda hayot, odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, ahillik va totuvlik muhiti O‘zbekistonning eng katta boyligidir. Uning qadriga yetish, asrab-avaylash va mustahkamlash borasida Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar bu yurtdagi fayzu barakani yanada oshiradi.
Matteo Flansesso (Italiya):
– Urganchning keng, fayzli va osoyishta ko‘chalarini sayr qilar ekanman, tanga huzur bag‘ishlovchi musaffo havo, atrofimni qurshagan ajoyib muhit kayfiyatimni ko‘tarayotganini his qilyapman. Qay ko‘chaga kirmang, milliy va zamonaviy arxitektura yutuqlarini o‘zida mujassam etgan biri-biridan ko‘rkam binolar e’tiboringizni tortadi.
O‘zbekistonda chet ellik sayyohlarning zamonaviy hordiq chiqarishi, har bir kunini maroqli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mustaqillik bayramining 23-yillik tantanalarini hozirdan his qilmoqdaman. Tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan yurtga bayramlar yarashadi. O‘zbekistonda bu ulug‘ ne’mat doim barqaror bo‘lib, xalqingiz farovonligi yanada yuksalishini tilayman.